Talabalar institut hayotiga moslashmoqda
Andijon davlat pedagogika institutida “Yangi O‘zbekiston yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Institutga yangi qabul qilingan 1-bosqich talabalarini oliy ta’lim muhitiga moslashtirish, ularni institut hayoti bilan yaqindan tanishtirish hamda yoshlarning bilim olish va shaxsiy rivojlanishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Tanishtiruv haftaligi” tadbirlari doirasida o‘tkazilgan davra suhbatida institut rektorining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Furqatbek Nodirbekov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Muslima Abduqahhorova, Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Obidaxon Yusupova, shuningdek, institutning bir guruh faol, izlanuvchan va tashabbuskor yoshlari ishtirok etdi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan davra suhbatida yangi qabul qilingan talabalarga oliy ta’limdagi imkoniyatlar, talabalik hayoti, sifatli ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish, turli tanlov, loyiha va tashabbuslarda ishtirok etish, shuningdek, o‘zlarining iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi.


Shuningdek, muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, ilm-fan, innovatsiya va jamoatchilik faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.


Tadbir mehmonlari – yuqori natijalarga erishib kelayotgan talaba va yosh ustozlarning o‘z hayotiy tajribasi, erishgan yutuqlari haqidagi suhbatlari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular muvaffaqiyatga erishish yo‘lida izlanish, qat’iyat, mehnat, bilim va berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri, samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etib o‘tdi. Shuningdek, 1-kurs talabalarini o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishga, doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga hamda institut va jamiyat hayotida faol bo‘lishga chaqirdi.

Qiziqarli muloqot davomida talabalar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri