"International Leadership Awards" loyihasi doirasida ishbilarmonlik forumi o‘tkazildi
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash va biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ularning loyihalarini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 21-apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asoslardan biri hisoblanadi. Hujjatda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Bunday imkoniyatlar tadbirkorlarning yangi loyihalarini amalga oshirishi, faoliyatini kengaytirishi, investitsiya jalb qilishi va o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ular o‘rtasida tajriba almashish, yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilishga qaratilgan ishbilarmonlik tadbirlari ham muhim ahamiyatga ega.

Shu kabi tadbirlardan biri Toshkent shahrida "International Leadership Awards" loyihasi doirasida tashkil etilgan ishbilarmonlik forumi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Qirg‘iziston kabi davlatlardan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, kompaniya va loyiha asoschilari hamda biznes vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z faoliyati va loyihalari haqida ma’lumot berib, tajriba almashdi, yangi g‘oya va tashabbuslarni muhokama qildi hamda hamkorlik istiqbollarini belgiladi.
Forum doirasida O‘zbekiston energetiklari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Baxtiyor Ergashev, "International Business Awards" asoschisi Nilufar Xudoyberdiyeva, "Andijan Gold Center" klasteri asoschisi Iroda Jahongirova, "Afsona Travel" va "Rovet DMC" kompaniyalari asoschisi Negina Muxtarova, "DomoUz" loyihasi hammuassisi Jasurbek O‘rolboyev, Markaziy Osiyo ayol yetakchilari va tadbirkorlari assotsiatsiyasi prezidenti Dinara Orozbayeva va boshqalar so‘zga chiqib, tadbirkorlar o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Taqdimotlarda tadbirkorlik, moliya, energetika, tibbiyot, turizm, arxitektura va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bunday uchrashuvlar tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

– O‘zbekistonda ilk bor bunday yirik xalqaro tadbir o‘tkazilayotgani juda quvonarli. Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yetakchi tadbirkorlarning bir joyga jamlanishi yangi hamkorliklar o‘rnatish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Eng muhimi, O‘zbekiston tadbirkorlarining xalqaro bozorlarga chiqishi, xorijiy hamkorlarni mamlakatimizga jalb etishi va ular bilan aloqalarni kengaytirishi uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Bu esa "Made in Uzbekistan" brendini jahon bozorida yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
2025-yil aprel oyida Andijon zargarlik klasterini tashkil etdik. Ayni paytda klasterda 60 ga yaqin tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Asosiy maqsadimiz zargarlik sanoatini rivojlantirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan.
Ilgari Ozarbayjon, Turkiya yoki boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan zargarlik mahsulotlari haqida ko‘p eshitardik. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan, "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi zargarlik buyumlarini ham dunyoga tanitishni juda istardim. Bugun bu maqsadga erishish uchun imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda.

Prezidentimiz tomonidan zargarlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar sohaning rivojiga katta turtki bermoqda. Zargarlik yo‘nalishida qabul qilinayotgan yangi qarorlar tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Biz ham ushbu imtiyozlardan samarali foydalanib, mahsulotlarimizni xorijiy bozorlarga eksport qilishni maqsad qilganmiz, – dedi "Andijan Gold Center" klasteri asoschisi Iroda Jahongirova.
Tadbir davomida tadbirkorlik sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
– Muhit insonning shakllanishida, ayniqsa, biznesda muhim ahamiyatga ega. Bugun bu yerda o‘z kasbi va mamlakatining ko‘plab yetakchilari bilan tanishdim, yangi do‘stlar orttirdim. Mamlakatlarimizda turizm va biznes sohalari rivojlanib, yangi imkoniyatlar ochilayotgani quvonarli.
Markaziy Osiyo ayol yetakchilari va tadbirkorlari assotsiatsiyasi ta’lim, tibbiyot, IT texnologiyalari, moliya va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarni birlashtiradi.

Biz ushbu tashabbusni yanada rivojlantirish va uzoq yillar davom ettirish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga tayyormiz. Shuningdek, 1-2-oktabr kunlari Bokuda "Kamka Invest Forum" o‘tkaziladi. Barchangizni ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif qilaman, – dedi Markaziy Osiyo ayol yetakchilari va tadbirkorlari assotsiatsiyasi prezidenti Dinara Orozbayeva.
"Royal Catering" kompaniyasi asoschisi Asliddin Halimovning qayd etishicha, sakkizta davlatdan tadbirkorlarning bir joyga jamlanib, bir-birining faoliyati bilan tanishishi va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishi juda muhim.
– Ular bizning faoliyatimizga qiziqib, O‘zbekistonga investitsiya kiritish istagini bildirmoqda. Biz ham, o‘z navbatida, ushbu davlatlarda faoliyatimizni yo‘lga qo‘yish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlariga qiziqyapmiz. Bunday uchrashuvlar tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bir joyda jamlanib, bir-birimizdan bilim va tajriba o‘rganish, ilg‘or tajribani o‘z faoliyatimizda qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuning uchun bunday tadbirlar yanada ko‘proq o‘tkazilishini istaymiz, – dedi "Royal Catering" kompaniyasi asoschisi Asliddin Halimov.
Forum yakunida ishtirokchilar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator memorandumlar imzolandi. Kelishuvlar turli sohalarda yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, tajriba almashish va o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA