Deklaratsiyada ko‘rsatilmagan mahsulotlar olib o‘tilishining oldi olindi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda “Do‘stlik” chegara bojxona posti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan bojxona nazorati tadbiri davomida yurtimizga deklaratsiyada ko‘rsatilmagan mahsulotlar olib kirilayotganligi aniqlandi.
Yurtimiz va qo‘shni Qirg‘iziston o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postining “Kirish avto” yo‘lagi orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasining hujjatlari o‘rganilganida, yuk kuzatuv hujjatlari hamda bojxona organlarini oldindan xabardor qilish deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tovarlar mavjudligiga shubha paydo bo‘lgan.
Shundan so‘ng transport vositasi “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilib, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.


Ko‘rik davomida bojxona organlariga taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilmagan, dastlabki qiymati 1 milliard 500 million so‘m bo‘lgan 7 turdagi mahsulotlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Bojxona boshqarmasi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri