FVV Akademiyasi vakili talabalar bilan uchrashdi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi Rekrutment bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Umidjon Hamdamov ishtirokida talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning kimyo-texnologiya, fizika, arxitektura, qurilish, sanoat-texnologiya, geografiya va tabiiy resurslar hamda biologiya fakultetlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida polkovnik Umidjon Hamdamov talaba-yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari va 2+2 ta’lim tizimi haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlar bilan muloqot davomida harbiy kasbning sharafli va mas’uliyatli ekani, bu sohada xizmat qilish yuksak bilim, jismoniy tayyorgarlik, mardlik va Vatanga sadoqatni talab qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvning qiziqarli jihatlaridan biri talaba-yoshlarning harbiy liboslarda o‘zlarini sinab ko‘rishi bo‘ldi. Polkovnik Umidjon Hamdamov yoshlarni harbiy liboslar bilan tanishtirdi. Bu jarayon talabalarda katta qiziqish va ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi. Tadbir yakunida uchrashuvni tashkil etishda faol ishtirok etgan tashkilotchilar va faol talaba-yoshlarga faxriy yorliqlar topshirildi.

Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ta’lim olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, ularning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda Vatan oldidagi mas’uliyat va burch tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri