Talabalar diqqatiga: yotoqxona uchun arizalar qabuli boshlandi
1-avgustdan boshlab oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun talabalar turar joyiga (yotoqxonaga) joylashish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab jarayon yanada soddalashtirilib, yotoqxonaga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish yagona elektron xizmat orqali amalga oshiriladi.
Arizalar my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. Jarayon Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida tashkil etiladi.
Avvalo imtiyoz va ustuvorlik huquqiga ega talabgorlar turar joy bilan ta’minlanadi. Shundan keyin qolgan o‘rinlar umumiy navbat asosida quyidagi ulushlarda taqsimlanadi:
1-bosqich talabalari — 55–65 foiz;
2-bosqich talabalari — 15–20 foiz;
3-bosqich va undan yuqori kurslar — 20–25 foizgacha.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab eng muhim yangiliklardan biri — kompozit (birlashtirilgan) elektron xizmatнiнг joriy etilgani. Ilgari talabalar yotoqxonaga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun ikki alohida jarayondan o‘tib, turli idoralarga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelar edi. Endi esa bu xizmatlar yagona tizimga birlashtirildi.
Jarayon quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
-ariza ko‘rib chiqilgandan so‘ng talabaga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi;
-shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgach, kompozit xizmat avtomatik ishga tushadi va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov shakllantiriladi;
-mazkur to‘lov ham amalga oshirilgandan keyin talabaga yashash joyi bo‘yicha qayd varag‘i rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddati to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada belgilangan muddatgacha amal qiladi.
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining birinchi bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar esa yakuniy qabul natijalari e’lon qilingach yotoqxona uchun ariza topshirish imkoniga ega bo‘ladi. Ularga ham amaldagi tartib asosida o‘rinlar ajratiladi.
Yangi tartib talabalarning ortiqcha hujjatbozlik va vaqt sarfini kamaytiradi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali barcha jarayonlarni bir tizimda amalga oshirish imkonini yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA