Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar muhokama qilindi
Shu kunlarda davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joylarda o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida hududlarda ochiq muloqotlar davom etmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsman devoni mahalliy hokimliklar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etmoqda. Qabul davomida tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda.
Uchrashuvlar doirasida Biznes-ombudsman devoni va uning hududiy sho‘balari tomonidan nazorat qiluvchi organlar xodimlari uchun tekshiruvlar qonuniyligi hamda shaffofligini ta’minlashga qaratilgan o‘quv seminarlari tashkil etildi.

Xususan, Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda «O‘zenergoinspeksiya»ning Samarqand viloyati boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirlarda mas’ul xodimlarga Prezidentimizning «Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va sohaga oid boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Seminarlarda nazorat organlari faoliyatida jazo choralarini qo‘llashdan ko‘ra, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, tadbirkorlarga xatolarni oldindan tuzatishda ko‘maklashish hamda tekshiruvlarni yangi va shaffof tartiblar asosida o‘tkazish ustuvor vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Biznes-ombudsman ekspertlari tomonidan batafsil javob oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA