Shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi qanday javobgarlikka sabab bo‘ladi?
Ma’lumki, inson huquqlarini ta’minlash va jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash har qanday demokratik davlatning bosh maqsadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning (FBSH) huquqiy maqomini tartibga solish va ularning yashash joyi bo‘yicha hisobda turishlarini ta’minlash ichki xavfsizlik hamda ijtimoiy nazoratning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida migratsiya qonunchiligini liberallashtirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish majburiyati qat’iy belgilangan huquqiy norma bo‘lib qolmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekistonda yashayotgan har bir inson — u fuqaro bo‘ladimi, xorijlikmi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsmi mamlakat qonunlariga rioya etishi shart. Ayniqsa, yashash yoki turgan joyi bo‘yicha doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish masalasi kundalik hayotda eng ko‘p duch kelinadigan, ammo ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan huquqiy majburiyatlardan biridir.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA