Fuqarolarning yer va mulk huquqlari e’tirof etilmoqda
Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi va kun tartibiga kiritilgan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ahrorov axborot berdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi 2028-yilning 1-yanvariga qadar etib belgilangan.
Huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha mazkur qonunda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda faqat ijara huquqi, ushbu yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etiladi. Unga ko‘ra, hozirgacha 22 ta tuman-shahardagi filiallarning kadastr muhandislari tomonidan jami 181 ming 762 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

Sessiyada joylardagi 2 ming 747 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylariga va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etilgani to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xususan, xatlovlar natijasida hududlar kesimida eng ko‘p Toshkent tumanidan 493 ta, Angren shahridan 402 ta, Chinoz tumanidan 191 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari "E’tirof" tizimiga kiritildi.
Shuningdek, viloyatda jami 883 ta mahallalarning 369 tasida xatlov ishlari yakunlagan. Yana 97 ta MFYda xatlov ishlari olib borilmoqda.

Sessiyada deputatlar tomonidan mazkur jarayonlar haqida fikr bildirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri