O‘zbekiston tarixida eng yirik fazoviy loyiha amalga oshirildi
O‘zbekistonning koinot sohasiga oid tarixida yangi sahifa ochildi. 2026-yil 5-avgust kuni Xitoyning Xayyang sharqiy kosmodromidan “O‘zbekkosmos” agentligi va “STAR.VISION” kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan “Samarqand-2028” Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarildi.
Mamlakatimiz tarixidagi eng yirik xalqaro fazoviy tashabbus hisoblangan mazkur loyiha O‘zbekiston – Xitoy ilmiy-texnologik hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqdi.
“O‘zbekkosmos” muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt moduli ilk bor STAR.VISION’ning xalqaro sun’iy yo‘ldoshiga integratsiya qilingani loyihaning eng muhim jihatlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu texnologiya ma’lumotni orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, uzatilayotgan axborot hajmini kamaytiradi, tahlil jarayonini tezlashtiradi.
[gallery-30731]
“Samarqand-2028” qishloq xo‘jaligi, ekologiya, suv resurslarini boshqarish, tabiiy resurslar monitoringi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda shaharsozlik kabi yo‘nalishlarda zamonaviy koinot texnologiyasidan samarali foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Shuningdek, mamlakatning SI va kosmik muhandislik sohasidagi milliy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sun’iy yo‘ldoshga “Samarqand-2028” nomi berilishi ham ramziy ahamiyatga ega. Samarqand shahrining 2028-yilgi 79-xalqaro astronavtika kongressi mezboni etib belgilangani munosabati bilan tanlangan bu nom O‘zbekistonning jahon kosmik hamjamiyatidagi nufuzi ortib borayotganini ifodalaydi.
“O‘zbekkosmos” agentligi direktori Shuhrat Qodirov ta’kidlashicha, mazkur missiya mamlakatimizning fazoviy texnologiyalar yaratuvchi davlat sifatidagi salohiyatini namoyon etdi. Mutaxassislarimiz yaratgan SI moduli xalqaro loyihaga qo‘shilishi esa mamlakat koinot sohasi uchun yana bir muhim yutuqdir.
Mutaxassislar fikricha, “Samarqand-2028” missiyasi O‘zbekistonning jahon kosmik ekotizimiga integratsiyasini yanada kuchaytiradi. Qolaversa, Xitoy bilan strategik sheriklikni mustahkamlaydi, sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi, sun’iy intellekt sohasi va muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
Musulmon Ziyo, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA