Tadbirkorga 61,8 million so‘mlik jarima qo‘llagan mas’ullar javobgarlikka tortildi
Biznes ombudsman tadbirkorlar faoliyatidagi noqonuniy tekshiruvlar, asossiz aralashuvlarning oldini olish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Shunga ko‘ra, mazkur tashkilotga murojaat qiluvchi tadbirkorlar soni ortib bormoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor K.X. o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan 61,8 mln. so‘m miqdoridagi jarimadan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Davlat arxitektura nazorati departamenti va Buxoro viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi mas’ullari tomonidan tadbirkor faoliyatida tekshiruv o‘tkazilgan. Biznes-ombudsman xodimlarining o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, ushbu tekshiruv «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinmasdan, qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan.
«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 39-moddasiga muvofiq, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar elektron tizimda ro‘yxatga olinishi shart. Elektron tizimda ro‘yxatga olinmay o‘tkazilgan har qanday tekshiruv noqonuniy hisoblanadi.
Bundan tashqari, ma’muriy ish hujjatlarini rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish jarayonida MJtKning 281 va 294-moddalari talablari buzilib, tadbirkorning huquqlari poymol etilgan.
Tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazgani va belgilangan tartibni buzgani uchun departament mas’ul xodimlariga nisbatan Biznes-ombudsman tomonidan MJtKning 241-2-moddasi bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan xulosa hamda sudning xolis va adolatli yondashuvi natijasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi tomonidan tadbirkorga nisbatan 61,8 mln. so‘m jarima qo‘llash haqidagi qaror bekor qilindi va ma’muriy ish tugatildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA