Umummilliy totuvlik – Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi
Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ilmiy, intellektual va investitsiyaviy salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga safarbar etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Ko‘p millatli yurtimizda o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini ta’minlash samarali davlat boshqaruvining asosi sanaladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va hamjihatlik muhitida yashab kelmoqda. Respublika bo‘ylab faoliyat yuritib kelayotgan milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari kabi ko‘plab tashkilotlar millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ushbu sana munosabati bilan hududlarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, madaniy festivallar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar va do‘stlik uchrashuvlari tashkil etilib, mamlakatimizdagi bag‘rikenglik muhiti, millatlararo totuvlik va fuqarolik birdamligini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi "Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni hamda "O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, hujjatda belgilangan vazifalar millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash va xorijdagi vatandoshlar bilan tizimli aloqalarni mustahkamlashning yangi mexanizmini yaratadi.
Yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash yo‘lida munosib hissa qo‘shayotgan insonlarning mehnati doimo yuksak e’tirof etib kelinadi. Ana shunday e’tirof namunalaridan biri sifatida har yili 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan "Xalqlar do‘stligi" ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirilishi ezgu an’anaga aylangan.
Joriy yilda ham mamlakatimizda 70 nafarga yaqin davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, diniy konfessiyalar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Ular ushbu e’tirofga umummilliy totuvlikni mustahkamlash, turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini qaror toptirish yo‘lida qilgan fidokorona mehnatlari evaziga loyiq ko‘rildi.

– Bu mukofotni shaxsiy yutug‘im sifatida emas, balki Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi jamoasining ko‘p yillik fidokorona mehnati, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarimizning e’tirofi deb qabul qilaman, – dedi “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirova. — So‘nggi yillarda agentligimiz tomonidan dunyoning yetakchi universitetlari, xalqaro ta’lim tashkilotlari va xorijiy hamkorlar bilan samarali aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bugun o‘quvchilarimiz dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda, ustozlarimiz esa ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirib, ta’lim tizimiga tatbiq etmoqda. Ishonamanki, ta’lim sohasidagi ana shunday hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash bilan birga, O‘zbekistonning ochiq, bag‘rikeng va jahon hamjamiyati bilan faol hamkorlik qiladigan davlat sifatidagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA