Tadbirkor o‘zi o‘qigan maktabni ta’mirlab berdi
Bugun Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablarida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilib, yangi o‘quv yili boshlandi. Ayniqsa, Namangan shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabida yangragan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ustoz muallimlar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini birdek mamnun etdi.
Tantanali marosimda Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimizning Mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan isloh etish borasida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va ularning samarasi ertamiz egalarining erishayotgan ulkan natijalarida o‘z ifodasini topayotganligi e’tirof etildi.
Ta’kidlash joiz, 2 ming 135 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabning sobiq bitiruvchisi, “Aisha home textile” kompaniyasi ta’sischisi Jobirxon Kamoliddinov homiyligida 944 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta’mirlanib, 100 o‘rinli faollar va sport zali rekonstruksiya qilindi hamda 150 o‘rinli oshxona qurib berildi.
O‘quvchi quvvati 1 ming 264 o‘rin bo‘lib, ta’mirlash ishlaridan so‘ng viloyat notarial arxivi binosi negizida qo‘shimcha 320 o‘rin hozirlandi hamda 1 ming 584 o‘ringa keltirildi. Ushbu maqsadlarga 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Joriy yilning 20 avgust – tadbirkorlar kunida Prezidentimizga Namangan tadbirkorlari amalga oshirayotgan ishlar, shu jumladan, Jobirxon Kamoliddinovning tashabbusi haqida ma’lumot berilgan hamda davlatimiz rahbari bu kabi xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagandi.
Tadbirda, tadbirkorga mamlakatimiz rahbarining minnatdorligi yetkazilib, bunyodkorlik ishlari alohida e’tirof etildi. Tantanali marosimda ishtirokchilar zamonaviy ilm maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Maktabga Namangan shahridagi Alpomish, Zarkent va Sardoba mahallaridan 2 ming 125 o‘quvchi boradi. Ulardan 220 nafari ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi va ularga Prezident sovg‘alari taqdim qilindi. E’tiborlisi, jajjilar uchun tadbirkor tashabbusi bilan bepul tushliklar tashkil etiladi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, yangi o‘quv yilida viloyatdagi mavjud 720 ta umumta’lim maktabiga 63 067 nafar birinchi sinf o‘quvchisi qadam qo‘ydi. Barcha sinflarda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Kelajak soati” darslari o‘tkazildi.
[gallery-25133]
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilda viloyatdagi 50 ta ta’lim muassasasi investitsiya dasturiga kiritilib, shundan bitta yangi ixtisoslashgan maktab, ikkita yangi bog‘cha qurish, 33 ta maktab va 14 ta bog‘chani rekonstruksiya qilish uchun jami 359 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.