Dori emas, ammo dori kabi reklama qilinmoqda: Biologik faol qo‘shimchalar ortidagi mavjud haqiqatlar
Bugungi kunda axborot makonida reklamaning ta’siri tobora kuchayib bormoqda. Televideniye va radio efirlari, ijtimoiy tarmoqlar va turli internet platformalarida dori vositalari, vitaminlar va biologik faol qo‘shimchalar haqida ko‘plab xabarlarni uchratamiz. Ularning ayrimlari oddiy mahsulot sifatida emas, go‘yo inson organizmidagi eng murakkab muammolarga ham tezkor yechim bera oladigan vosita sifatida taqdim etiladi.
Bir qarashda hammasi ishonarlidek ko‘rinadi. Zamonaviy texnologiyalar, ilmiy atamalar, oq xalatdagi mutaxassislar yoki mashhur yulduz tavsiyasi, laboratoriya tasvirlari, «tabiiy tarkib», «xalqaro standart», «qisqa muddatda natija» kabi iboralar. Bularning barchasi iste’molchida mahsulotga nisbatan ishonch uyg‘otishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, insonning sog‘lig‘i yoki tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq muammo mavjud bo‘lsa, bunday reklama yanada ta’sirchan bo‘ladi. Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, vazn yig‘ish, soch to‘kilishini kamaytirish, tetiklikni oshirish, immunitetni mustahkamlash yoki organizmdagi ayrim yetishmovchiliklarni to‘ldirish kabi maqsadlarda odamlar turli mahsulotlarni sotib olishga murojaat qiladi. Biroq, muammo shundaki, reklamadagi va’da bilan tibbiy haqiqat har doim ham bir nuqtada uchrashavermaydi.
Bugungi kunda ayniqsa biologik faol qo‘shimchalar atrofida ana shunday savollar ko‘paymoqda. Ular dori vositalariga o‘xshash shaklda, o‘xshash qadoqlarda va ba’zan tibbiyotga xos terminlar bilan targ‘ib qilinadi. Natijada iste’molchida tabiiy ravishda savol tug‘iladi: bu mahsulot organizmning oziqaviy ehtiyojini to‘ldirishga xizmat qiladimi yoki muayyan kasallikni davolashga qodir dori vositasimi?!
Biologik faol qo‘shimcha atamasi kundalik hayotimizga ancha chuqur kirib kelgan bo‘lsa-da, uning dori vositasidan farqi hamon ko‘pchilik uchun yetarlicha aniq emas. Biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning ayrim foydali moddalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirishdan iborat. Ularning tarkibida vitaminlar, minerallar va boshqa biologik faol komponentlar bo‘lishi mumkin. Dori esa muayyan kasallik yoki patologik holatni davolash, uning alomatlarini kamaytirish yoki organizmdagi ma’lum fiziologik jarayonlarga farmatsevtik ta’sir ko‘rsatish uchun ishlab chiqiladi.
Bunday vositalarning samaradorligi, xavfsizligi, qo‘llash ko‘rsatmalari va qarshi ko‘rsatmalari tegishli ilmiy hamda huquqiy talablar asosida baholanadi. Demak, tarkibida vitamin, mineral yoki boshqa biologik faol modda mavjudligi mahsulotni avtomatik ravishda dori vositasiga aylantirmaydi. Foydali bo‘lishi boshqa masala, dori bo‘lishi esa umuman boshqa masala. Ana shu farqni anglamaslik esa iste’molchida jiddiy noto‘g‘ri tasavvur paydo qilishi mumkin.
Biologik faol qo‘shimchalar haqida gapirganda barcha mahsulotlarni bir xil baholash to‘g‘ri emas. Ayrim qo‘shimchalar inson ratsionidagi ma’lum moddalarni to‘ldirish uchun qo‘llanishi mumkin. Biroq, ushbu vositalarning reklamasidagi asosiy maqsadi mahsulotni xaridorga jozibador ko‘rsatish bo‘lib tuyilmoqda. Bunda ranglar, obrazlar, mashhur shaxslar, hissiy murojaatlar va turli va’dalardan foydalaniladi. Bu biznes nuqtai nazaridan tushunarli bo‘lishi mumkin. Lekin gap inson salomatligi haqida ketganda marketing manfaatlari bilan tibbiy haqiqat o‘rtasidagi chegara nihoyatda aniq bo‘lishi kerak. Aks holda oddiy biologik faol qo‘shimcha iste’molchi ko‘z o‘ngida «mo‘’jizaviy dori»ga aylanishi mumkin.
Bugun reklama maydonida bunga o‘xshash va’dalarni uchratish qiyin emas. Misol uchun, qisqa muddatda ozish, tezda vazn yig‘ish, tashqi ko‘rinishni yaxshilash, soch to‘kilishini to‘xtatish, immunitetni mustahkamlash, organizmni «tozalash» va boshqa ko‘plab natijalar. Ammo bundan ham jiddiyroq holatlar bor. Ayrim reklamalarda biologik faol qo‘shimchalar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida targ‘ib qilinayotgani kuzatilmoqda. Ana shu nuqtada masala oddiy reklama emas, balki iste’molchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammoga aylanadi.
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar bilan bir qatorda malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlama hamda mineral suvlarning turli kasalliklarni davolashi haqidagi reklamalar keng tarqalayotgani qayd etilyotgan edi. Raqobat qo‘mitasi bunday reklamalarga alohida e’tibor qaratib, biologik faol qo‘shimchalarni dori vositasi sifatida talqin qilish yoki ularning shifobaxsh xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish mumkin emasligini eslatmoqda.
Vakolatli organlar xulosasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirish bilan bog‘liq bo‘lib, ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunida biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga nisbatan aniq talablar belgilangan. Xususan, qonunning 35-moddasiga muvofiq, bunday reklama mahsulot iste’molchida uning dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega vosita ekani haqida taassurot uyg‘otmasligi kerak. Shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar reklamasida:
– odamlarning davolangani yoki sog‘lig‘i yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilish;
– fuqarolarning minnatdorlik bildirishlari yoki tavsiyalaridan foydalanish;
– sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undash;
– tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi ma’lumotlar orqali mahsulotning dori vositalaridan ustunligi haqida tasavvur uyg‘otish mumkin emas.
Bundan tashqari, bunday reklama «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi shart. Ko‘rsatilgan talablarning o‘zi masalaning mohiyatini juda aniq ko‘rsatib turibdi. Demak, qonunchilikning o‘zi biologik faol qo‘shimcha bilan dori vositasi o‘rtasidagi chegarani aniq belgilagan.
Iste’molchilar orasida keng tarqalgan yana bir xato mahsulotning tegishli hujjati yoki sertifikati mavjudligini uning barcha tibbiy da’volari tasdiqlanganining dalili sifatida qabul qilishdir. Aslida esa mahsulotning belgilangan tartibda muomalaga chiqarilishi, uning sifati yoki xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar bajarilgani bir masala, uning muayyan kasallikni davolash samaradorligi boshqa masala. Shuning uchun «sertifikatlangan», «xalqaro standartlarga mos», «tabiiy», «xorijiy texnologiya asosida ishlab chiqarilgan» kabi ta’riflarning o‘zi mahsulotning muayyan kasallikni davolashini anglatmaydi.
Tibbiyotda ishonch shirin so‘zlar bilan emas, dalil bilan shakllanadi. Ilmiy atamalarning ko‘pligi, chiroyli qadoq, mashhur insonning tavsiyasi yoki reklamadagi ta’sirchan obraz mahsulotni dori vositasiga aylantirmaydi. Dori o‘zining tibbiy xususiyati, ilmiy asoslanganligi va belgilangan talablar asosidagi baholanishi bilan dori hisoblanadi.
Bugun tibbiy savodxonlik faqat shifokorlar uchun zarur bo‘lgan bilim emas. U har bir inson uchun hayotiy ehtiyojga aylanmoqda. Chunki reklama ko‘paygan sari tanlov ham ko‘payadi. Tanlov ko‘paygan sari esa to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun tushunchaga ehtiyoj ortadi. Shu sababli sog‘liq haqida gap ketganda eng ishonchli mezon – reklamaning “baland ovozi” emas, ilmiy isbot bo‘lishi kerak.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA