OKMK Moodyʼs agentligidan «Ba2» darajasida, «Barqaror» prognoz bilan kredit reytingini oldi
«Olmaliq KMK» AJ Moodyʼs agentligidan «Ba2» darajasida, «Barqaror» prognoz bilan kredit reytingini va «ba3» darajasidagi mustaqil kredit bahosini (BCA) oldi. Reyting O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi («Ba2»/prognoz «Barqaror») bilan bir darajada belgilangan va xorijiy valyutadagi majburiyatlar bo‘yicha mamlakatdagi eng yuqori daraja hisoblanadi.
Shu bilan birga agentlik kombinatning mustaqil kredit bahosini (Baseline Credit Assessment, BCA) “ba3” darajasida belgiladi. Mazkur ko‘rsatkich davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash omillarini hisobga olmagan holda kompaniyaning o‘z moliyaviy va operatsion salohiyatiga asoslangan kredit qobiliyatini aks ettiradi.
«Olmaliq KMK» AJ O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatidagi Moodyʼs tomonidan kredit reytingiga ega bo‘lgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Bu mamlakat sanoatining yetakchi korxonalari uchun xalqaro kapital bozorlariga chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Agentlik kombinatning davlat bilan mustahkam aloqalarini, yirik resurslar bazasini, mahsulot turlari bo‘yicha diversifikatsiya va tannarx bo‘yicha qulay mavqeini, shuningdek ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishini ta’minlovchi investitsiya dasturining amalga oshirilayotganini qayd etdi.
O‘zA