Tabiatga zarar yetkazsak, uning o‘rnini to‘ldira olamizmi?
Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash va kamyob hayvonlarni muhofaza qilishga yangicha yondashuv.
Tabiatda biror hayvonning yo‘qolib ketishiga ko‘pincha oddiy hodisa sifatida qarab qo‘yamiz. Go‘yoki tabiatda uning o‘rnini boshqa bir jonzot egallaydigandek. Aslida esa bunday emas. Har bir hayvon turining tabiatda o‘z o‘rni va vazifasi bor. U oziq zanjirining bir qismi, muayyan ekotizimning tarkibiy bo‘g‘ini hisoblanadi.
Shuning uchun hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni faqat nobud bo‘lgan hayvonlar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bu masalaga ancha kengroq qarash zarur. Ayniqsa, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar haqida gap ketganda, har bir yo‘qotish jiddiy masaladir.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi «Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 343-son qarori muhim ahamiyatga ega. Bu qarorning ahamiyatini birgina hujjat doirasida emas, balki hayvonot dunyosini muhofaza qilishga bo‘lgan yondashuvning yanada takomillashayotgani nuqtai nazaridan baholash lozim.
Eng avvalo, qaror nomidagi «yo‘qotishlarning o‘rnini qoplash» iborasiga e’tibor berish kerak. Bu juda muhim tushuncha. Chunki tabiatga zarar yetkazilganda masala faqat aybdorga jarima solish bilan tugamasligi lozim. Yetkazilgan zararning o‘zi ham qoplanishi, imkoni boricha tabiiy resurs tiklanishi va bunday holat qayta takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rilishi kerak.
Biologik resurslarga yetkazilgan zararni qoplash ekologik javobgarlikning asosiy vazifalaridan biridir. Maqsad faqat jazolash emas, balki yetkazilgan zararni qoplash va kelgusidagi huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat. Masalan, noqonuniy ov natijasida noyob hayvon nobud bo‘lsa, u uchun belgilangan miqdorda mablag‘ undirish mumkin. Ammo bu mablag‘ning o‘zi tabiatda yo‘qolgan hayvonni qaytarib bera olmaydi. Shu sababli kompensatsiyaning maqsadi faqat pul undirish emas, balki tabiatga yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etishga xizmat qilishi zarur.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasida taqiqlar, cheklovlar va ruxsat berish tartiblari muhim ahamiyatga ega. Ayrim hayvon turlaridan foydalanishga umuman yo‘l qo‘yilmaydi, ayrim hollarda esa bu faqat belgilangan talablar va ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Ruxsat berishga asos bo‘lgan shartlar buzilsa, foydalanish huquqini to‘xtatish yoki bekor qilish kabi choralar qo‘llanishi mumkin. Bu talablarning maqsadi insonning tabiatdan foydalanishini butunlay cheklash emas, aksincha, bugun foydalanib, ertaga ham foydalanish imkoniyatini saqlab qolishdir. Ilmiy nuqtai nazardan ham biologik resurslardan oqilona foydalanish deganda resursni shunchaki iste’mol qilish emas, balki uning xususiyatlarini hisobga olish, tejamli foydalanish, qayta tiklash va holatini yaxshilashga harakat qilish tushuniladi.
Qarordagi eng muhim yangiliklardan biri — 2026-yil 1-avgustdan 2028-yil 1-yanvarga qadar kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ovlashga taqiq joriy etilganidir. Bir qarashda bu oddiy taqiqdek ko‘rinadi. Lekin masalaga chuqurroq qaralsa, buning ortida katta maqsad yotibdi. Gap tabiatda soni kamayib ketgan hayvonlarga yana bir necha yil nafas rostlash, ko‘payish va tabiiy populyatsiyasini tiklash imkoniyatini berish haqida ketmoqda.
Eng muhimi, qarorda ovlash taqiqlangan turlarga kvota ajratishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Bu esa mazkur choraning juda jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni muayyan kamyob tur bo‘yicha «oz miqdorda bo‘lsa ham ovlash mumkin» degan yondashuvga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Albatta, qarorda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Masalan, fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik xo‘jaliklarida saqlanayotgan yoki yetishtirilayotgan hayvonlar, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ovlash holatlari ushbu cheklov doirasiga kirmaydi. Bu ham muhim, chunki muhofaza rejimi hayvonning holati, uning tabiiy muhitdagi soni va foydalanish maqsadidan kelib chiqib belgilanishi lozim.
Qarorda ovchilar masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Ov qilishni cheklashning o‘zi yetarli emas, chunki ovchilik bilan shug‘ullanib kelgan insonlarning qiziqishi va ko‘nikmalarini ham hisobga olish kerak. Shu sababli 2026-yil 1-avgustdan boshlab ovchilar uchun o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan mashq poligonlarida muqobil mashg‘ulotlar tashkil etilishi belgilandi. Bu tabiatga zarar yetkazadigan faoliyatni cheklash bilan birga, uning o‘rniga qonuniy va xavfsiz muqobil imkoniyat yaratishga xizmat qiladi. Odamga faqat «mumkin emas» deyishdan ko‘ra, «buning o‘rniga mana bunday qilish mumkin» deyish ko‘p hollarda samaraliroq natija beradi.
Qarorning yana bir e’tiborli jihati suvdagi biologik resurslarni tiklash bilan bog‘liq. Qarorda 2026–2030-yillarda respublika markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarni har yili kamida 15 tonna chavoq bilan boyitish belgilangan. Bu yerda asosiy masala faqat raqamlarda emas, balki suv havzalarining tabiiy boyligini qayta tiklashga tizimli yondashuv boshlanayotganidadir.
Hujjatga ko‘ra, avval Fanlar akademiyasi va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda daryo va soylardagi ixtiofauna holati o‘rganiladi, keyin qaysi baliq turlarini ko‘paytirish tavsiya etilishi aniqlanadi. Chunki har qanday daryoga istalgan baliq turini tashlab qo‘yish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Baliqning o‘sha suv havzasiga mosligi, oziqlanishi, ko‘payishi va boshqa turlar bilan munosabati hisobga olinishi shart.
Albatta, faqat chavoq tashlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Agar daryoga chavoq tashlab, bir vaqtning o‘zida suvni ifloslantirish yoki noqonuniy baliq ovlashga qarshi nazorat susaytirilsa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli chavoqlashtirishni suv ekotizimlarini tiklash ishlarining ajralmas qismi sifatida ko‘rish lozim. Qarorda bu ishlar Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangani biologik resurslarni tiklash uchun mustahkam manba mavjudligini ko‘rsatadi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilishda eng og‘riqli masalalardan biri — brakonerlik. Shu sababli qarorda noqonuniy ov qilish va brakonerlikka qarshi nazorat tadbirlarini kuchaytirish alohida vazifa qilib qo‘yildi. Zamonaviy ekologik nazorat faqat reydlar bilan cheklanmasdan, monitoring, raqamli texnologiyalar, aniq hisob-kitob, aholi bilan hamkorlik va jamoatchilik nazoratini keng qo‘llashni talab etadi.
Har qanday qarorning ahamiyati uning matni bilan emas, amaliy natijasi bilan o‘lchanadi. Eng katta natija esa tabiatga zarar yetkazilgandan keyin uning oqibatini bartaraf etishdan zararning oldini olishga o‘tishdir. Chunki yo‘qotilgan mablag‘ni qaytarish mumkin, lekin yo‘qolgan turni har doim ham qaytarib bo‘lmaydi.
Tabiatni muhofaza qilishda eng to‘g‘ri yo‘l — avval asrash, keyin tiklash, eng oxirida zararni qoplashga majbur bo‘lmaslikdir. Tabiatni asrash — uni yo‘qotgandan keyin o‘rnini to‘ldirish emas, balki uni yo‘qotmaslik uchun bugun harakat qilishdir. Bu vazifa faqat ekologlarning emas, davlatning, jamiyatning va har birimizning burchimizdir.
Olim NARZULLAEV,
ekspert.
O‘zA