“Mahalla yettiligi” a’zolari uchun o‘quv seminar o‘tkazildi
Xorazm viloyatining Shovot tumanida “Mahalla yettiligi” a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminarda mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini “mahallabay” o‘rganish hamda ularni manzilli hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shovot tumanida ellikdan ortiq mahalla fuqarolari yig‘inlari mavjud bo‘lib, “mahalla yettiligi” a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
[gallery-30879]
O‘rganishlar davomida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan “Shovot” mahallasida qarorlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, mazkur mahallada “mahalla yettiligi” faoliyati, aholi muammolarini manzilli hal etish, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar alohida e’tirof etildi. Shu munosabat bilan bu yo‘nalishda namunali xizmat ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli idoralar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari