Milliy bankda korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilmoqda
Mamlakatimizda bank-moliya tizimining barqarorligini ta’minlash, sohada oshkoralik, shaffoflik va qonun ustuvorligi tamoyillarini to‘liq qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi strategik vazifalar ijrosini ta’minlash, bank-moliya tizimida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ tizimida kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda joriy yilning korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda holat” yili deb e’lon qilingani mazkur yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, profilaktika va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda bank tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida bankning ichki nazorat va komplayens yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi xodimlari uchun ikki kunlik maxsus amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.

Mazkur tadbir bank tizimida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, moliyaviy jinoyatlarning oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va bank faoliyatida qonuniylik, halollik hamda shaffoflik tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratildi.

O‘quv-seminarning muhim yo‘nalishlaridan biri tijorat banklarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari bo‘ldi. Xususan, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, uning oldini olish va bartaraf etish, bank qarorlarini qabul qilish jarayonlarida xolislikni ta’minlash, shuningdek, kredit ajratish bilan bog‘liq jarayonlarda korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirish masalalari huquqiy va amaliy jihatdan atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin chora ko‘rish emas, balki korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash, ularni tahlil qilish va profilaktik mexanizmlarni keng joriy etish ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.

Seminarning yana bir muhim yo‘nalishi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirqin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlandi.

Mashg‘ulotlar davomida moliyaviy monitoringni samarali tashkil etish, shubhali operatsiyalarni aniqlash va baholash, mijozlarni lozim darajada tekshirish, yuqori xavfli operatsiyalarga nisbatan kuchaytirilgan nazorat choralarini qo‘llash, xalqaro sanksiyalar talablariga rioya etish hamda moliyaviy xavflarni boshqarish mexanizmlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi. Bunda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani bank amaliyotiga tatbiq etish, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini ta’minlash va shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha ichki mexanizmlarni doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Markaziy bank hamda “O‘zmilliybank” AJning tegishli tarkibiy tuzilmalari mas’ul xodimlari faol ishtirok etdi. Bunday ko‘p tomonlama hamkorlik, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy tajribasi bilan bank tizimidagi ichki nazorat mexanizmlarini uyg‘unlashtirish, korrupsiya va moliyaviy jinoyatlarga oid zamonaviy xavflarni birgalikda muhokama qilish hamda ularning oldini olish bo‘yicha yagona yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Seminarda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish faqat alohida bir tuzilmaning vazifasi emas, balki barcha bo‘g‘inlarning hamjihatligi va tizimli hamkorligini talab etadi. Shu nuqtai nazardan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasidagi ochiq muloqot va tajriba almashinuvi korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, “O‘zmilliybank” AJda korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional va huquqiy asoslarini mustahkamlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, xodimlarning huquqiy va korrupsiyaga qarshi komplayens bo‘yicha bilimlarini oshirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, prokuratura organlari, Markaziy bank va boshqa vakolatli tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan amaliy hamkorlik xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaviy xavflarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va bankda “korrupsiyaga nisbatan murosasizlik” muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, moliyaviy jinoyatlarning oldini olish va ichki nazorat samaradorligini oshirishga qaratilgan konferensiyalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va amaliy seminarlarni muntazam tashkil etish kelgusida ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Zero, zamonaviy va raqobatbardosh bank tizimining barqarorligi nafaqat yuqori moliyaviy ko‘rsatkichlar va daromadlilik, balki qonuniylik, halollik, shaffoflik, hisobdorlik hamda jamiyat va mijozlar ishonchini qay darajada ta’minlanishi bilan belgilanadi.


“Favqulodda holat” yili doirasida amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar ham aynan shu ezgu maqsadga — korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga qaratilgan samarali profilaktik tizimni shakllantirish, moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirish hamda bank tizimida ishonchli, ochiq va shaffof muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
matbuot xizmati