Is gazidan ogoh bo‘laylik
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Is gazidan ogoh bo‘laylik!” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Universitet talabalari ishtirok etgan tadbirda tabiiy gaz, uning xossalari va xavfli jihatlari aytib o‘tildi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida issiqlikka ehtiyoj ortganda gaz va gaz jihozlaridan juda ehtiyot bo‘lib foydalanish, qo‘lbola nosoz gaz pechlaridan foydalanmaslik, gaz plita bilan xonani isitmaslik, gaz jihozi bor xonalarda yosh bolalarni qarovsiz qoldirmaslik haqida batafsil ma’lumot berildi.

Is gazi (uglerod oksidi) – rangsiz, ta’msiz, hidsiz zaharli gaz hisoblanadi, – deydi "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali yetakchi mutaxassisi Axtam Roziqov. – U yer yuzida energiyaning jadal ishlatilishidan yuzaga keluvchi, tabiatda eng ko‘p tarqalgan zaharlovchi gazlardan biri. Is gazi har qanday yoqilg‘i, jumladan, tabiiy gaz, benzin, dizel, mazut, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining chala yonishi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60 foizgacha is gazi bo‘ladi. Eng achinarlisi, is gazining eng kam miqdori ham zaharlanish uchun yetarli bo‘ladi. Va eng ko‘ngilsiz holatlarda o‘limga olib keladi.

Targ‘ibot davomida talabalarga is gazi ayanchli oqibatlari aks etgan videoroliklar namoyish etildi. Shu bilan birga xavfsizlikka oid eslatmalar tarqatildi. Maxsus avtotransport vositasidagi ogohlik ko‘rgazmalari ham tushuntirib o‘tildi.
Is gazi bilan bog‘liq noxush hodisalar oldini olish, kuz-qish mavsumini ko‘ngilli o‘tkazish maqsadida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan joylarda keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Targ‘ibot tadbirlari mahalla, aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlar bilan birga ta’lim maskanlarida o‘tkazilmoqda.

Xonada gaz hidini sezgan zahoti gaz avariya dispetcherlik xizmatiga “104” raqami orqali xabar berish, barcha gaz kranlarini yopish, ochiq olovdan foydalanmaslik, darhol eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish, elektr jihozlarini yoqmaslik va o‘chirmaslik lozim.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri