«Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» – xalq minbari, ishonchli axborot manbai
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining rasmiy nashrlari – «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan ««Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» fenomeni: milliy jurnalistikada institutsional kuch va professional mezonlar maktabi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
«Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati tomonidan tashkil etilgan anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda Xalqaro Nordik universiteti hamkorligida o‘tkazildi.
Anjumanda senatorlar, deputatlar, davlat boshqaruvi organlari va rasmiy doiralar vakillari, jurnalistlar, media sohasi mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, mustaqil tadqiqotchilar, doktorantlar, siyosatshunoslar va iqtisodchilar ishtirok etdi.

2026-yilda «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tashkil topganiga 35 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya milliy jurnalistikaning shakllanishi va taraqqiyotida mazkur nashrlarning o‘rnini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish, ularning boy tarixiy tajribasini o‘rganish, zamonaviy media makonida bosma nashrlarning institutsional ahamiyati va professional mas’uliyatini muhokama etishga bag‘ishlandi.
Xalqaro anjumanda «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Husan Ermatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimov, Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev hamda «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov mazkur nashrlarning mamlakatimiz media makonidagi o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

– Ushbu gazetalar mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘ziga xos o‘rin tutadi hamda davlatning rasmiy va ishonchli axborot manbalaridan biri hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev. – Internet saytlari va tezkor axborot vositalaridan farqli o‘laroq, bosma nashrlar chuqur tahlilga asoslangan maqolalar, salmoqli materiallar va rasmiy pozitsiyani taqdim etishi bilan ajralib turadi. Bu esa jamiyatda ularga nisbatan yuksak ishonchni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda gazetalar an’anaviy bosma shakl bilan cheklanib qolmayapti. Ularning elektron versiyalari, veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham keng auditoriya bilan muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

– Aynan 29-oktabr kuni mana shu muhtasham zalda yig‘ilib turganimiz bejiz emas, – dedi «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov. – Xuddi shu kuni «Xalq so‘zi» gazetasining ilk soni dunyo yuzini ko‘rgan edi. Bundan roppa-rosa 35 yil avval mazkur nashrlar tashkil etilgan. Milliy media makoniga yangicha ruh olib kirgan ushbu gazetalar mustaqillik rasman e’lon qilinishidan oldin, 1991-yil 1-yanvardan boshlab, o‘zbek va rus tillarida muntazam chop etila boshladi. Bu go‘yoki istiqlol tongini kutib olish uchun yoqilgan ma’rifat mash’ali edi. Shu bois, bu ikki gazetani mustaqillik ramzlariga aylangan nashrlar sifatida e’tirof etish mubolag‘a emas. Zero, ular shunchaki axborot tarqatish vositasi emas, balki xalq so‘zini ifoda etish, jamoatchilik fikrini aks ettirish va yangi davlatchilik tafakkurini shakllantirishga xizmat qiluvchi minbar sifatida maydonga keldi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, 1991-yil 1-yanvardan muntazam chop etila boshlagan «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari mustaqil O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotini yoritib kelayotgan nufuzli rasmiy axborot manbalari hisoblanadi. Mamlakat taraqqiyotining turli bosqichlarida mazkur nashrlar davlat va jamiyat hayotidagi muhim jarayonlarni yoritish, qonunchilikdagi yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazish, islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ijtimoiy muloqotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutdi.
Gazetalarning 35 yillik faoliyati nafaqat milliy matbuot tarixining muhim qismi, balki jurnalistikada mas’uliyat, xolislik, tahliliy yondashuv va so‘z qadri kabi professional tamoyillarni qaror toptirish borasidagi boy tajriba hamdir.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan, raqamli platformalar va sun’iy intellekt media sohasiga tobora chuqur kirib kelayotgan bir sharoitda an’anaviy jurnalistikaning jamiyat oldidagi vazifalari, ishonchli axborot manbai sifatidagi o‘rni va mas’uliyati yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, konferensiya nafaqat o‘tgan yillar sarhisobi, balki milliy jurnalistikaning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan muhim ilmiy va professional muloqot maydoni ham bo‘ldi.
[gallery-32248]
Anjuman doirasida «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarining milliy jurnalistika tizimidagi institutsional o‘rni va tarixiy missiyasi, parlament jurnalistikasining taraqqiyot bosqichlari, qonun ijodkorligi jarayonlarini yoritish tajribasi va jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tahririyat faoliyatida professional standartlarga amal qilish, jurnalistik etika, xolislik va axborot uchun mas’uliyat, davlat va jamiyat hayotidagi islohotlarni yoritishda tahliliy jurnalistikaning ahamiyati, bosma nashrlar va raqamli media o‘rtasidagi uyg‘unlik, sun’iy intellekt davrida jurnalist kasbining o‘zgarishi, axborot ishonchliligi va media savodxonlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kadrlar tayyorlash, «Ustoz – shogird» an’analarini davom ettirish, professional mahorat maktabini rivojlantirish, bosma nashrlar, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ham anjuman ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Milliy va xalqaro jurnalistikaning bugungi holati, istiqbollari hamda sohaning kelgusi vazifalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tashkil topganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali badiiy kecha ham bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA