Elektr — aziz ne’mat, uni talon-toroj qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi
Kundalik hayotimizni elektr energiyasisiz tasavvur qilish qiyin. U xonadonlarni yoritadi, korxonalarni harakatga keltiradi, ishlab chiqarishni ta’minlaydi, xizmatlar uzluksizligini saqlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, elektr energiyasi — bugungi taraqqiyotning muhim tayanchlaridan biri.
Shu bois, undan foydalanishda qonuniylik va mas’uliyat masalasi oddiy ma’muriy talab emas, balki jamiyatning iqtisodiy manfaatlari bilan bevosita bog‘liq muhim vazifadir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish, iste’molni hisobga olish va nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishning oldini olish, qoidabuzarliklarga murosasiz munosabatda bo‘lish va energiya resurslarining qadrini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Buxoro shahrida “O‘zenergoinspeksiya” va Bosh prokuratura hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida aniqlangan holat esa ana shu masalaning naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatdi.
Nazorat tadbiri davomida shahardagi savdo kompleksiga qarashli elektr hisoblagichning ulanish sxemasi tekshirildi. Tekshiruv natijasida elektr energiyasidan foydalanishning belgilangan tartibi buzilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi. Eng e’tiborli jihati esa qoidabuzarlik oqibatida kelib chiqqan zarar miqdorida namoyon bo‘ldi. Elektr tarmoqlariga yetkazilgan zarar elektr ta’minoti korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob qilinib, 2 milliard 639 million so‘m etib belgilandi. Bir qarashda bu oddiy, kichik raqamdek tuyuladi. Aslida esa uning ortida energetika tizimiga, qonuniy iste’molchilarga va jamiyat manfaatlariga daxl qiluvchi jiddiy iqtisodiy oqibatlar bor. Chunki elektr tarmog‘idagi har bir asossiz yo‘qotish, har bir yashirin iste’mol va har bir noqonuniy ulanish oxir-oqibatda tizimning barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Bir marta emas... Mazkur holatni yanada jiddiylashtiradigan jihat bor.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu iste’molchining elektr energiyasidan foydalanishida xuddi shunday qoidabuzarlik 2025-yilda ham aniqlangan. O‘shanda elektr tarmoqlariga yetkazilgan zarar 1 milliard 29 million 850 ming so‘m miqdorida hisoblangan. Demak, oradan vaqt o‘tib, avvalgi holatdan tegishli xulosa chiqarilishi kerak bo‘lgan bir vaziyat yana takrorlangan. Bu yerda masalaning mohiyati faqat milliardlab so‘m zararning hisoblab chiqilganida emas. Eng tashvishli jihat — avval qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lsa-da, keyinchalik yana shunday holatga yo‘l qo‘yilganidir. Qonun-qoidaga rioya qilish faqat nazoratchi kelgan paytdagina esga tushadigan majburiyat emas. U har bir iste’molchining kundalik mas’uliyatiga aylanishi kerak.
Elektr energiyasi oddiy tovar emas. Uning ortida ulkan infratuzilma, ishlab chiqarish quvvatlari, elektr stansiyalari, tarmoqlar, transformatorlar, minglab mutaxassislarning mehnati va katta miqdordagi mablag‘lar turibdi. Shuning uchun elektrdan noqonuniy foydalanishni “kimgadir tegishli hisoblagichdagi kamchilik” sifatida baholash masalaning haqiqiy mohiyatini ochib bermaydi. Bu — umumiy resursdan foydalanish madaniyatiga daxl qiluvchi holat. Bir iste’molchining noqonuniy harakati tufayli keltirilgan milliardlab so‘m zarar esa elektr ta’minoti tizimining qonuniy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, energiya resurslariga talab tobora ortib borayotgan, yangi ishlab chiqarish korxonalari va ijtimoiy ob’ektlar ko‘payib, aholi ehtiyojlari kengayib borayotgan bir sharoitda har bir kilovatt-soatning qiymati yanada ortib bormoqda.
Bugun mamlakatimizda energiya resurslaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish tizimi takomillashtirilmoqda. Bu jarayonda raqamli texnologiyalar, zamonaviy hisobga olish vositalari va nazorat mexanizmlaridan foydalanish kengaymoqda.
Prezident tashabbusi bilan energetika sohasida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu esa iste’molchi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi: resursdan foydalanish — qonuniy, hisob-kitob esa shaffof bo‘lishi shart.
Buxoroda “O‘zenergoinspeksiya” va Bosh prokuratura hamkorligidagi nazorat tadbirlari ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bunday tekshiruvlarning vazifasi faqat qoidabuzarlikni aniqlash va zararni hisoblashdan iborat emas. Uning yana bir muhim jihati — boshqalarga ham saboq bo‘lishidir.
Zero, qonun buzilganidan keyin oqibatni bartaraf etishdan ko‘ra, qoidabuzarlikning oldini olish samaraliroq.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri