Surxondaryoda qurilish materiali ishlab chiqaruvchilar muammolari o‘rganildi
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish va sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal etish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi ham tadbirkorlar bilan muloqotni kuchaytirish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy ishlar olib bormoqda.
Ana shu maqsadda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari F. Samatov Surxondaryo viloyatida bo‘lib, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlar davomida tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar belgilandi.
Jumladan, Qumqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “MUSTAHKAM MUSTAQILLIK GAZ S GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati suvoq aralashmalari, shpatlyovka hamda plitka yelimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ichki bozorda xaridorlar e’tiborini qozonmoqda.

Muloqot chog‘ida tadbirkor ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonini yanada tezkor tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘mak so‘radi. Murojaat joyida ko‘rib chiqilib, masalani hal etish maqsadida qurilish mahsulotlarini sertifikatlashtirish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha “UzTest” davlat muassasasining Surxondaryo viloyati filiali mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi.
Denov tumanida faoliyat yuritayotgan “REAL MIKRO KALSIY GIPS” xususiy korxonasi gazoblok mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan o‘lchash vositalari davlat metrologik qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazildi.
Muloqot davomida korxona rahbari ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha yer maydoni ajratish masalasida amaliy maslahat so‘radi. Unga amaldagi qonunchilikka muvofiq yer uchastkalari faqat ochiq elektron auksion orqali ajratilishi tushuntirilib, mazkur jarayonning tartib-taomillari yuzasidan zarur huquqiy tushunchalar berildi.
Sariosiyo tumanidagi “BITOVIK” xususiy korxonasida sopol g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bank bilan yuzaga kelgan moliyaviy masalalar tufayli ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtab qolgan. Uchrashuvda tadbirkor ushbu muammoni hal etishda amaliy ko‘mak so‘radi. Murojaatni tegishli tartibda yuqori tashkilotlar orqali tijorat bankiga yetkazish va uni hal etishga ko‘maklashish choralari belgilandi.

Shuningdek, Sariosiyo tumanidagi “LIDER-QMB” mas’uliyati cheklangan jamiyatida temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi. Uchrashuvda tadbirkorlarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, mavjud imtiyoz va yengilliklar haqida ma’lumot berildi. Mahsulotlar sifatini yanada oshirish, ularning raqobatbardoshligini kuchaytirish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
– Joriy yilning birinchi yarim yilligida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida viloyatdagi 333 ta tadbirkorlik sub’ektida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Karimov. – Tadbirkorlarga sohaga oid tushuntirishlar berildi, zarur tarqatma materiallar yetkazildi. Xavf tahlillari asosida 580 ta ogohlantirish xati yuborildi.
Qayd etilganidek, viloyatda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini joyida o‘rganish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri