Superliga kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 1-turida "Qizilqum" – "Surxon", "Qo‘qon 1912" – “Andijon", "Bunyodkor" – "Neftchi" o‘rtasidagi bahslarda kutilmagan natijalar qayd etildi.
Jizzaxda o‘tkazilgan "Qizilqum" – "Surxon" klublari uchrashuvi 2:0 hisobida yakunlangan bo‘lsa, vodiy derbisi – "Qo‘qon 1912" va "Andijon" jamoalari bahsida 1:1 hisobi qayd etildi. Toshkentda o‘tgan "Bunyodkor" 2:2 hisobida "Neftchi" bilan durang o‘ynadi.

Bugun mamlakat birinchiligida yana uchta o‘yin o‘tkaziladi. Unda “Navbahor” o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qilsa, “Nasaf” Qarshida “So‘g‘diyona” bilan raqobatlashadi. Superliga bahslariga 15 yil o‘tib yana ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan “Xorazm” o‘z maydonida “Sho‘rtan” jamoasi bilan bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, bu turda “Paxtakor” va “Mash’al” o‘rtasidagi o‘yin poytaxt klubining Elit Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki sababli 2 aprel kuniga qoldirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA