Sun’iy intellekt ta’limi bo‘yicha xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston ta’lim tizimida yangi davr boshlandi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi Koreyaning Cheju Halla universiteti bilan raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’limini rivojlantirish bo‘yicha muhim hamkorlikka erishdi. Bu kelishuvlar qanday natija beradi?
Mamlakatimiz ta’lim tizimi yangi strategiyalar va shaffoflik asosida takomillashib bormoqda. Bunda xalqaro hamkorliklar va o‘zaro tajribalar muhim yuksalish ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda.
Ana shunday aloqalarning amaliy ifodasi o‘laroq, Ta’lim va ilm-fan vazirligida Koreyaning Cheju Halla universiteti vitse-prezidenti, professor Yong Jun Li bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’limi bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi.
Uchrashuvda vazirlik qoshidagi Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi bilan doimiy aloqalar o‘rnatish, ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish hamda bu maqsadda grantlar jalb qilish bo‘yicha hamkorlikka kelishib olindi.
Dastlab bitta texnikum va bitta maktabda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari, amaliyot va xakatonlar o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, joriy yil noyabr oyi oxirida Koreyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvda tegishli memorandumlarni imzolash ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etish kerakki, bunday muhim hamkorliklar ortida mamlakat siyosatiga bo‘lgan hurmat va ishonch mujassam.
Sherbek Islomov,
O‘zA