O‘zbekiston yoshlari uchun jahon universitetlari eshiklari ochilmoqda
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda "Silk Road University Fair" xalqaro ta’lim forumi va ko‘rgazmasi boshlandi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad xalqaro oliy ta’lim tashkilotlari va O‘zbekiston maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning xorijda ta’lim olish imkoniyatlari haqidagi xabardorligini oshirish hamda maktab maslahatchilarining kasbiy salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Bugun yoshlar uchun xorijning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniyati nafaqat shaxsiy kelajakni belgilaydigan muhim qadam, balki mamlakatning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish omili hamdir, – deydi Gulnoza Ismoilova. – Biroq, bu jarayonda xorijda o‘qish imkoniyatini yaratishning o‘zi kifoya emas — yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy bilim va ilg‘or tajriba bilan qurollantirish, eng muhimi, egallangan bilimlarni yurt taraqqiyotiga yo‘naltirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda xalqaro hamkorlarimiz O‘zbekistondagi yoshlar mamlakatimizda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar va bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish va havas bilan qarashmoqda. Prezidentimiz rahbarligida ayniqsa, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlar, ta’limni tizimli ravishda takomillashtirishga qaratilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun ana shu islohotlar natijalarini ko‘rish va ularning samarasini namoyon etish bosqichiga yetib keldik.
Ta’lim tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biri — “El-yurt umidi” jamg‘armasi. Jamg‘arma orqali yoshlarimizga jahonning eng nufuzli universitetlari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarida bakalavriat, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlari yaratilgan. Bu imkoniyatlar bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Hatto ko‘plab mamlakatlarda ham bunday imkoniyatlar mavjud emasligi haqida xorijiy hamkorlarimiz o‘z fikrlarini bildirmoqda. Yoshlarimizning o‘qish, yashash va boshqa tegishli xarajatlari belgilangan dasturlar doirasida qoplanishi ularga ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmasdan, asosiy e’tiborini ta’lim olish va bilimlarini oshirishga qaratish imkonini beradi. Bu esa ularning eng ilg‘or g‘oyalari bilan davlatimiz rivoji, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga hissa qo‘shishi uchun zamin yaratadi. Muhimi, kuchli salohiyatli O‘zbekiston yoshlari uchun dunyo eshiklari ochilmoqda.

Bugungi kunda bunday ko‘rgazmalarning tashkil etilishi yoshlarimizga turli ta’lim yo‘nalishlari, nufuzli universitetlar va ularning imkoniyatlari haqida zarur ma’lumotlarni olishga yordam beradi. Shuningdek, ular nafaqat bugungi kun, balki kelgusi 5-10 yilda mehnat bozorida qanday o‘zgarishlar yuz berishi, qaysi sohalarga talab ortishi va o‘z ko‘nikmalarini kelajakda O‘zbekistonda qo‘llash uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi haqida ham tasavvurga ega bo‘ladi.

O‘zA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.