Milliy yuksalishning intellektual qiyofasi va kelajakka tashlangan tarixiy qadam
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari kelgusi o‘n yillikni “Milliy yuksalish davri” deb e’lon qildi va buning bosh poydevori sifatida 7 ta milliy dasturni taqdim etdi. Ushbu strategik rejalar orasida bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish vazifasi alohida ajralib turadi. Zero, zamonaviy taraqqiyot formulasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday islohot va iqtisodiy o‘sish negizida faqat va faqat yuqori malakali kadrlar salohiyati yotadi.
Tarix va global iqtisodiyot qonuniyatlaridan ayonki, tabiiy resurslarning mo‘l-ko‘lligi davlatning barqaror yuksalishini to‘liq kafolatlay olmaydi. Iqtisodiyotda “resurslar tuzog‘i” degan tushuncha bor — faqat xom ashyo sotishga suyangan davlatlar uzoq muddatli raqobatda mag‘lub bo‘ladi. Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlarning “iqtisodiy mo‘’jiza”si zamirida tabiiy boyliklar emas, balki inson kapitaliga yo‘naltirilgan strategik sarmoya yotadi. Bu davlatlar xom ashyoni emas, balki aql-idrok va yuqori texnologiyalarni eksport qiluvchi qudratga aylangan.
Jamiyat va davlat yuksalishining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi moddiy boylik emas, balki inson omilidir. Bilimli mutaxassis mehnati milliy iqtisodiyotda multiplikativ (zanjirli) samara yaratadi. Ya’ni, ta’limga tikilgan sarmoya faqat ta’limni emas, balki tibbiyot, sanoat, IT va boshqa barcha tarmoqlarni ham muqarrar yuksaltiradi. Malakali kadr joriy etgan bitta yangi texnologik yechim butun boshli tarmoq tannarxini pasaytirib, mahsulot sifatini oshiradi. Jahon standartlarini biladigan mutaxassislar esa milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqib, mamlakatga investitsiyalar oqimini kuchaytiradi.
Shu boisdan, “Bilim va malaka” milliy dasturi shunchaki ta’lim tizimini yaxshilashga qaratilgan navbatdagi ijtimoiy loyiha emas. Bu — O‘zbekistonning XXI asrdagi milliy xavfsizligi hamda intellektual va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi ustuvor strategik asosdir. Chetdan texnologiya va mutaxassis import qiladigan emas, o‘z ichki aqliy zaxirasiga ega davlatgina chinakam mustaqil bo‘la oladi. Raqamli va innovatsion iqtisodiyot davrida oddiy jismoniy mehnat o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar va kreativ fikrlash qobiliyatisiz global taraqqiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston — aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadigan kam sonli mamlakatlardan biri. Bu ulkan demografik dividenddir. Biroq bu ulkan kuch real natija berishi uchun millionlab yoshlarga sifatli ta’lim va zamonaviy kasb-hunar berilishi shart. Aks holda, sifatsiz ta’lim ishsizlik va ijtimoiy muammolarni chuqurlashtirishi mumkin.
Ayni kunlarda milliy dasturda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish boshlandi. Prezidentimizning 2026-yil 3-oktabrdagi tarixiy Farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilib, yaxlit Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani buning yorqin ifodasidir. Ushbu qadam bilan bog‘chadan to oliy ta’lim va akademik ilm-fangacha bo‘lgan zanjir bir butun tizimga aylandi. Ilgari ta’lim bosqichlari o‘rtasida kuzatilgan uzilishlar va bir-birini inkor etuvchi yondashuvlarga chek qo‘yildi.
Yana bir muhim o‘zgarish — ta’lim islohotlarining bosh mezoni sifatida “O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti” g‘oyasi ilgari surildi. Uzoq yillar davomida ta’lim tizimidagi islohotlar quruq raqamlar, yaltiroq hisobotlar yoki ta’mirlangan binolar soni singari rasmiyatchilik bilan o‘lchab kelindi. Yangi strategik yondashuv esa ta’lim siyosatining markaziga raqamlarni emas, insonni qo‘ydi. Bu shunchaki chiroyli ibora emas, maktabni tugatayotgan yigit-qizlarning qanday fazilat va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini belgilab beruvchi milliy standartdir.
Unga ko‘ra, zamonaviy o‘zbek maktabi bitiruvchisi — tayyor qoliplar bilan fikrlaydigan va faktlarni shunchaki yodlovchi ijrochi emas, balki muammoga tanqidiy baho bera oladigan, tahlil qiluvchi mustaqil shaxs bo‘lishi shart. Undan shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda xorijiy tillar va raqamli texnologiyalarni mukammal bilish, global mehnat bozorida raqobatlasha olish talab etiladi. Eng muhimi, maktabni tamomlagan har bir yosh oliy ta’limga kira olmagan taqdirda ham, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun kamida ikkita til va bitta zamonaviy kasb-hunarni egallagan bo‘lishi tizimli ravishda ta’minlanadi. Bundan tashqari, u o‘z xalqining tarixi va ajdodlar merosini chuqur anglaydigan yurtparvar inson sifatida shakllanadi. Islohotlarning muvaffaqiyati endi qog‘ozdagi foizlarda emas, balki hayotda o‘z yo‘lini topgan, yurti va oilasiga foydasi tegayotgan har bir bitiruvchining taqdirida aks etadi.
Davlatimiz yangi o‘n yillikni “Milliy yuksalish davri” deb e’lon qilarkan, eng qimmatli va uzoq muddatli investitsiyani aynan insonga yo‘naltirishni o‘zining birinchi galdagi strategik vazifasi deb belgiladi. Shu nuqtai nazardan, sog‘liqni saqlash, innovatsiya, ekologiya va iqtisodiyot bo‘yicha qabul qilingan boshqa barcha dasturlarning ijrosi ham bevosita inson kapitalining sifatiga borib taqaladi.
Milliy dastur va tarixiy farmonning hayotimizga to‘liq tatbiq etilishi yaqin kelajakda O‘zbekistonni yuqori intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalar eksport qiladigan rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi shubhasiz. Inson qadri ulug‘langan yurtda aql-idrokka tikilgan sarmoya hech qachon samarasiz ketmaydi.
Qudratulla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
professori, filologiya fanlari doktori.
O‘zA