Ilm-fanni hayotining mazmuni deb bilgan olima
Andijonning chekka qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Nasibaxon Naraliyeva ilm yo‘lida mashaqqatli sinovlarni mardona yengib, bugungi kunda hurmat topgan olima ayollardan biridir. Ayni kunda u Andijon davlat universiteti “Ekologiya va barqaror rivojlanish” kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.
Nasibaxon Naraliyeva Jalaquduq tumanining Abdullabiy mahallasida tug‘ilgan. Otasi Maman aka biologiya-kimyo fani, onasi Avazxon aya boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Oilada ilmga, farzandlarini o‘qitishga, ilmli qilishga ishtiyoq yuqori, ayniqsa, oilada kitobga bo‘lgan mehr o‘zgacha bo‘lgan. Nasibaxon bolaligidan kitobni o‘ziga do‘st bildi, ko‘p o‘qidi. Ana shunday muhitda ulg‘aygan qizning kitob o‘qishga, ilm olishga mehri, intilish va ishtiyoqi ortdi. Yuqori sinflarda o‘qib yurgan paytlaridayoq kelajakda biolog olima bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
U 1986-yilda Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning biologiya-tuproqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Ushbu oliy dargohda buyuk akademiklar - Bek Toshmuhammedov, Qodir Zokirov, Jo‘ra Musayev, taniqli professor olimlar - Ahror To‘laganov, Muhsin Valixonov, Po‘lat Zokirov, G‘ani Komilov, O‘ktam Pratov, Muhammad Nabiyev, Bakir Zaripov, To‘raxon Rahimova kabi ulug‘ ilm darg‘alaridan saboq oldi, ilm-fan sirlarini o‘rgandi.
[gallery-32176]
Universitetni tugatgandan so‘ng ustozlarning tavsiyasi bilan Andijon paxtachilik instituti (hozirgi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti)da “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi” kafedrasida assistent lavozimida ish boshladi.
Yosh, malakali mutaxassisni 1995-yilda Andijon davlat universitetiga ishga taklif etishdi. Universitetda dastlab laborant, katta laborant, stajyor-tadqiqotchi, assistent, o‘qituvchi va katta o‘qituvchi lavozimlarida ishlab, oliy ta’limning barcha bosqichlarini birma-bir bosib o‘tdi.
2005-yilda biologiya fanlari doktori, professor O‘ktam Pratovning ilmiy rahbarligida "Farg‘ona vodiysining yopiq joylarida tarqalgan tropik va subtropik o‘simliklar" mavzusidagi ilmiy ish bilan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 2006-yilda esa dotsent unvonini oldi.
Nasibaxon Naraliyeva uzoq yillar Andijon davlat universitetining Ekologiya va botanika kafedrasini boshqardi. Ana shu davrda botanika va ekologiya fanlarini o‘qitish, laboratoriya mashg‘ulotlari sifati va samaradorligini oshirish, kafedraning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ekologiya va atrof muhit muhofazasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatib mehnat qildi.
Nafaqat kasbining, balki ilm-fan fidoyilaridan biri bo‘lgan Nasibaxon 2022-yilda "Farg‘ona vodiysida alohida ahamiyatga ega botanik hududlarni tanlash va antropogen omillar ta’sirida bo‘lgan noyob turlarni saqlab qolish tamoyillari" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi.
U hozirda Qoraqalpog‘iston tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ekologiya bo‘yicha, L.N.Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti (Qozog‘iston) huzuridagi biologiya fanlari bo‘yicha doktorlik ilmiy darajasi beruvchi ilmiy kengashlarning a’zosi, O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi ilmiy eksperti, Ozarbayjon FA qoshidagi “Acta Botanika” ilmiy jurnali tahrir hay’ati a’zosidir. Shuningdek, “Olima” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari sifatida ham ish olib bormoqda.
Olima, ilm-fan fidoyisi, boy tajribaga ega pedagog sifatida mamlakatimiz ta’lim sohasining rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Serqirra va shijoatli olimaning yuzdan ziyod maqola va monografiyalari mamlakatimiz hamda xorijiy nashrlarda e’lon qilingan. Uning muallifligida EHM uchun 4 ta dastur yaratilib, ularga tegishli guvohnomalar taqdim etilgan. Shuningdek, olima respublikamizdagi yagona “Ekologik kalendar”ning asosiy mualliflaridan biri hisoblanadi.
Olimaning tashabbusi bilan 2022-2023 o‘quv yilida Andijon davlat universiteti va Turkiyaning Ege universiteti hamkorligida ekologik biologiya 2+2 bakalavriat qo‘shma ta’lim dasturiga, biologiya mutaxassisligi bo‘yicha 1+1 magistratura qo‘shma dasturiga asos solindi.
Hozirda olima rahbarligida bir guruh andijonlik pedagog va olimlar Turkiyaning Rejep Tayyip Erdog‘on universiteti olimlari bilan hamkorlikda “Andijon shahrining yashil modelini yaratish”, “Farg‘ona vodiysida tarqalgan mahalliy makkajo‘xori navlarining jonli kolleksiyasini yaratish”, “Andijonda choy yetishtirish” mavzusidagi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
– O‘ttiz yildan ziyod vaqtdan buyon ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan, professor Nasibaxon Naraliyeva bugun ustozlik maqomining eng yuqori cho‘qqilarini ham zabt etgan olimlardan biri, – deydi biologiya fanlari doktori, professor, olimaning ustozi Tolibjon Madumarov. – Uning yuzlab shogirdlari ayni kunda nafaqat Andijon viloyati, balki Farg‘ona vodiysi va respublikamizning boshqa viloyatlarida ham samarali ish olib bormoqda.
Nasibaxon Naraliyeva kasbining, ilm-fan fidoyisi, balki ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oilaning baxtli sohibasidir. Uning uch nafar farzandi jamiyatda munosib o‘rin topgan, suyukli nabiralari esa unga kuch va umid bag‘ishlaydi.
– Bugun yurtimizda biz – ayollarga, ayniqsa, o‘qituvchi, olima ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan boshim ko‘kka yetadi, – deydi professor Nasibaxon Naraliyeva. – Bugun ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan har bir xotin-qiz ana shu e’tiborni dildan his etmoqda. Agar mana shunday e’tibor, qo‘llab-quvvatlash bo‘lmaganida, ehtimol olimalar safi bugungiday keng bo‘lmasdi. Buning uchun imkoniyatlar eshigini ochib bergan yurtboshimizdan cheksiz minnatdormiz.
Darhaqiqat, e’tibor, qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ko‘tarishdek yuksak qadriyatlar ulug‘lanayotgan yurtimizda bundan buyon ham professor Nasibaxon Noraliyeva singari fidoyi, yosh avlod tarbiyasiga, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan olima ayollar safi ortib boraveradi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari