Sud hujjatlari ijrosi doimiy e’tiborda
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi sudyalari ishtirokida sud hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘ldi.
Tadbirda byuro mas’ul xodimlari, sud organlari vakillari hamda sohada faoliyat yurituvchi mutasaddilar ishtirok etib, ijro jarayonlarida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar, ularning yechimi va qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklarni amaliyotga samarali joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar davomida sud qarorlari va boshqa vakolatli organlar hujjatlarining o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishini ta’minlash — fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odil sudlov samaradorligini oshirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ijro hujjatlari bilan ishlash jarayonida uchrayotgan muammoli holatlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, sudlar va Majburiy ijro byurosi o‘rtasida axborot almashinuvini tezkor yo‘lga qo‘yish, elektron tizimlardan samarali foydalanish va ijro intizomini yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
– Sud idoralari bilan hamkorlikdagi seminar mazmunli, amaliy ahamiyatga ega va yuqori saviyada o‘tdi. Anjumanda sud qarorlari ijrosini ta’minlash sohasidagi mavjud qonunchilik talablari, amaliyotda uchrayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etishning samarali mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi, – deydi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi inspektori Elmurod Bekmurodov. – Ayniqsa, sud hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash, mas’ul xodimlarning huquqiy bilimi va mas’uliyatini oshirish masalalari yuzasidan berilgan tushuntirishlar barchamiz uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Seminar jarayonida mutaxassislar tomonidan keltirilgan amaliy misollar va hayotiy holatlar sohadagi faoliyatni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Seminar yakunida qatnashchilar tarafidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, sohadagi muammolarni birgalikda hal etish hamda sud hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Namangan shahri va tumanlar bilan videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbir ochiq muloqot, savol-javob va amaliy muhokamalar ruhida o‘tdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA