O‘quv seminari va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda qishloq va suv xo‘jaligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarish, resurslardan oqilona foydalanish va tarmoq samaradorligini oshirish Yangi O‘zbekiston agrar siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer unumdorligini saqlash bilan bog‘liq global chaqiriqlar sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni hayotiy zaruratga aylantirmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 1-martda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda suv resurslarini tejash va samarali boshqarishga qaratilgan qator hujjatlar bu borada mutlaqo yangi tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida agrar sohada yer hisobini raqamlashtirish, “aqlli” suv boshqaruvi tizimlarini joriy etish, masofaviy monitoring, geoaxborot platformalari va elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyatida tashkil etilgan navbatdagi amaliy seminar ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ahamiyat kasb etdi. Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” majmuasida viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hamda Milliy tadqiqot universiteti rahbariyati ishtirokida qishloq va suv xo‘jaligida raqamli transformatsiya masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
“Qishloq va suv xo‘jaligida raqamli transformatsiya: ma’lumotlarni raqamlashtirish, intellektual boshqaruv tizimlarini joriy etish va innovatsion yechimlar orqali samaradorlikni oshirish” mavzusidagi tadbirda viloyat va tumanlar mutasaddilari, suv xo‘jaligi tashkilotlari vakillari, fermerlar kengashlari, agroxizmat markazlari mutaxassislari, olimlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarda yer va suv resurslarini raqamli monitoring qilish, suv sarfini aniq hisobga olish, sun’iy intellekt elementlari asosida boshqaruvni takomillashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali hosildorlikni oshirish kabi masalalar yuzasidan amaliy taqdimotlar o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, agrar sohada ma’lumotlar bazasini shakllantirish va raqamli boshqaruv platformalarining afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlari, agrar dronlar, raqamli tahlil platformalari, yer holatini masofadan baholashga mo‘ljallangan texnologiyalar hamda suv tejashga xizmat qiluvchi ilg‘or yechimlar namoyish etildi.
Ta’kidlanganidek, agrar tarmoqda raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi nafaqat resurs tejamkorligini ta’minlaydi, balki inson omilini qisqartirish, shaffoflikni kuchaytirish va sohada yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va fermerlar daromadini ko‘paytirishga xizmat qiluvchi muhim omildir.
Jizzaxda o‘tkazilgan mazkur seminar agrar sohani ilm-fan, innovatsiya va raqamli yechimlar asosida rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalda izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri