2024-2025-yillarda 7 mingga yaqin fuqaro dori vositalaridan zaharlangan
Mamlakatimizda farmatsevtika sanoati yildan-yilga rivojlanib bormoqda, mahalliy dori vositalari ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohadagi chora-tadbirlar natijasida 2025-yilda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2024-yilga nisbatan 28 foizga oshib, 4,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Eksport hajmi esa 18,6 foizga o‘sgan.
Ammo shu bilan birga, aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan sifatsiz, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va qalbaki dori vositalarining muomalasi ham uchrab turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-2025-yillar davomida 6 ming 910 nafar fuqaro dori vositalaridan zaharlangan. Shundan 81 nafari vafot etgan. Bu holatlar sohada nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Sifatsiz va qalbaki dorilar savdosi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminarda farmatsevtika sohasidagi ishlar tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, amaldagi profilaktik va nazorat choralariga qaramay, farmatsevtika bozorida kontrafakt mahsulotlar aniqlanmoqda. Shuningdek, elektron axborot tizimlari o‘rtasida integratsiyaning to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani tezkor nazorat choralarini samarali qo‘llash imkoniyatlarini cheklamoqda.
Shunga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan soha vakillarining takliflari asosida sifatsiz va qalbaki dorilar savdosi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, sifatsiz va qalbaki dori vositalarining noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirish, litsenziya berish va bekor qilish tartiblarini takomillashtirish, elektron nazorat tizimlari integratsiyasini kuchaytirish kabilar taklif etilmoqda.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, sohada berilgan imtiyozlar bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etish lozim. Sohada davlat ro‘yxatidan o‘tmagan yoki sifatsiz dori vositalarining muomalasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA