“Ibratli oila” ko‘krak nishoni topshirildi
Oila — jamiyatning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan, millat kelajagini tarbiyalaydigan muqaddas qo‘rg‘ondir. Mustahkam oila bor joyda mehr-oqibat, totuvlik va taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda oila institutini yanada mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va namunaviy oilalarni munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ana shunday ezgu tamoyillarning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani bu boradagi ishlarga yangi sur’at baxsh etdi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori bilan mazkur ko‘krak nishonini berish tartibi aniq belgilab berildi. Mazkur hujjatlarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, namunali oilalar tajribasini ommalashtirish va yoshlar uchun ibrat muhitini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Zomin tumanida ham tantanali tadbir tashkil etilib, jamiyat hayotidagi faolligi, farzand tarbiyasidagi ibratli yondashuvi, mahalla tinchligi va hamjihatligiga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan ajralib turgan 8 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Taqdirlangan oilalarning har biri mehnatsevarligi, ahilligi, kattaga hurmat va kichikka izzat tamoyillariga sodiqligi bilan yurtdoshlariga namuna bo‘lib kelmoqda. Ular nafaqat o‘z xonadonlarida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirgan, balki mahalla hayotidagi faol ishtiroki, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan sa’y-harakatlari bilan ham e’tirofga loyiqdir.
Tantanali marosimda Zomin tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Omonova hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi mutaxassisi Saodat Alimova ishtirok etib, mukofotlarni o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirishdi.
Tadbirda so‘z olganlar mustahkam oila jamiyat barqarorligining eng ishonchli tayanchi ekanini alohida ta’kidladi. Zero, oiladagi ma’naviy muhit qanchalik sog‘lom bo‘lsa, mahallada totuvlik, jamiyatda esa barqaror taraqqiyot shunchalik mustahkam qaror topadi.
Bugun mamlakatimizda “Ibratli oila” kabi yuksak e’tiroflar orqali ahil va farovon oilalarning hayotiy tajribasini keng targ‘ib qilish, yosh oilalar uchun ibrat muhitini yaratish, oila muqaddasligini yanada ulug‘lashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda inson qadri, oila sha’ni va jamiyat barqarorligi eng ustuvor qadriyatga aylanayotganining yorqin ifodasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri