Stiv Deyns O‘zbekistondagi barqaror rivojlanishni yuqori baholadi
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQSH senatori, Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi Stiv Deyns bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Stiv Deyns O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatning barqaror rivojlanishini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyoda transport va iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, O‘rta koridorni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Senator O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Stiv Deyns AQSH Kongressi Senatning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini izchil davom ettirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
[gallery-31243]
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA