Sport: kurashchi qizlarimiz O‘shda o‘tgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatga erishdi
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida bel olish sport turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Qurbonjon Dodho xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik sportchi qizlar sovrinli o‘rinlarni egalladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining 100 nafardan ziyod sportchilari ishtirok etgan mazkur turnirda 10 nafar kurashchi qizlarimiz o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Murosasiz kechgan bellashuvlar natijasida iste’dodli sportchilarimizdan Muslima Ahmedova oltin, Nafisa Ravshanova va Nargiza Hamdamova kumush, Setora Elmurodova hamda Sevinch Isoqova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi, belbog‘li kurash bo‘yicha nufuzli musobaqalar g‘olibi, hamyurtimiz Nafisa Ravshanova va qozog‘istonlik Madina Jomartova o‘rtasida -55 kilogramm vazndagi final bahsi xalqaro turnirning eng chiroyli bellashuvlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA