Mirshohid Tillaboyev: O‘zbek boksida avlodlar almashinuvi davom etmoqda
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarining joriy yil davomida qancha musobaqalarda ishtirok etgani va natijalarimiz qay ko‘rinishda bo‘lgani ko‘pchilik uchun qiziq.
Dunyo tanigan, tan olgan Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalakov, Isroil Madrimov singari 20 dan ziyod bokschilarimizning Jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlaridagi shov-shuvli g‘alabalari tarixga aylandi.
Ularning izdoshlari bo‘lgan yosh charm qo‘lqop ustalari o‘zbek boksining shonli g‘alabalarini davom ettira oladimi?
Bahodir Jalolovning “Parij-2024” Olimpiadasidan keyin yana havaskor boksga qaytishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqin?
Mamlakatimiz boks maktabida tarbiyalangan, toblangan yetuk mutaxassislarning necha nafari bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda?
O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan 2032-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik strategiyasi ishlab chiqilgani rostmi?
Bir qator bokschilarning ilmiy daraja olishi, ilmiy ish bilan shug‘ullanishi boks sport turining rivojiga xizmat qiladimi?
Albatta, savollar ko‘p. Munosabatlar turfa. Lekin haqiqat shuki, iftixorimizga aylangan mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari 2026-yilning o‘tgan yarim yilida salmoqli yutuqlarga erishdi.
Ma’lumotlarga ko‘z yugurtirsak, joriy yilning 21-fevral - 2-mart kunlari Sofiya shahrida o‘tgan an’anaviy “77 Stranja” xalqaro musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 7 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medal bilan umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
8-15-mart kunlari Bangkok shahrida yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Futures Cup” xalqaro musobaqasida yosh bokschilarimiz 4 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza bilan “Eng yaxshi jamoa” nomiga sazovor bo‘ldi.
Braziliyaning Foz de Iguasu shahrida 20-26-aprel kunlari “World Boxing” kubogining birinchi bosqichida ayollar milliy terma jamoamiz a’zolari 2 ta oltin, 1 ta bronza medaliga egalik qildi.
Mo‘g‘ulistonda kattalar o‘rtasida 30-mart-10-aprel kunlari kechgan Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 4 ta kumush, 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz umumjamoada 3-o‘rin bilan kifoyalandi.
15-21-iyun kunlari Xitoyning Guiyang shahrida “World Boxing” kubogida milliy terma jamoamiz jami 11 ta medalni (4 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza) qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, may-iyul oylari davomida yoshlar, o‘smirlar, kattalar terma jamoalarimiz O‘zbekiston, Xitoy, Indoneziya davlatlarida tashkil etilgan turli yosh toifalaridagi qit’a birinchiliklari, World Boxing kubogi bahslarida umumiy hisobda 47 ta oltin, 24 ta kumush, 22 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Uchta xalqaro musobaqada yurtimiz bokschilari umumiy hisobda 103 ta medallar jamlanmasiga egalik qilgani o‘zbek boksining qisqa fursatda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdagi rekord ko‘rsatkichi, bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Har bir yutuq, medal ortida sportchilar, murabbiy-mutaxassislar olib borgan izlanishlarni, mashg‘ulotlar zahmatini nazarda tutsak, bu, kelgusidagi yangi g‘alabalar poydevori mustahkamlanayotganini anglatadi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi, Osiyo boks konfederatsiyasi sport va musobaqalarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Mirshohid Tillaboyev bilan yuqoridagi masalalar, qolaversa mamlakatimiz bokschilarini yaqin oylarda kutib turgan nufuzli musobaqalar, yurtimizda tashkil etiladigan chempionatlar, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik kabi bir qator yo‘nalishlar xususida suhbatlashdik.
Batafsil mazkur videohavolada.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WWB8hnbeREo?si=tIb2iaqMzq9RASQA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev,
Nishonboy Abduvoitov (video),
Anvarxo‘ja Ahmedov(montaj),
O‘zA