Xalqaro sport aloqalari yangi bosqichda
Sport sohasida o‘zaro tajriba almashish, yoshlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Pokiston Islom Respublikasining nufuzli "Aitchison College" talabalaridan iborat delegatsiya Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Tashrif dasturining ilk kunida ularga mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy va professional sportga keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini barpo etish hamda xalqaro sport aloqalarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng delegatsiya Toshkent viloyati sport boshqarmasi rahbariyati hamrohligida Chirchiq shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlar mazkur markazda sportchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari, ilg‘or sport inshootlari hamda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvlar chog‘ida tomonlar sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, yosh sportchilar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va musobaqalarni tashkil etish, shuningdek, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sport diplomatiyasini yanada mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat sport tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA.