Soliq tizimida yangi bosqich: QQS, biznesdagi yangiliklar, soddalashayotgan iqtisodiyot
Sohadagi yangi tartib, biznesga berilayotgan imtiyozlar, import qiluvchi tadbirkorlar va YATTlar uchun majburiy QQS bekor qilinishi va tizimidagi asosiy yangiliklar haqida Soliq qo‘mitasi mutaxassisi bilan suhbat.
Mamlakatimizda kichik biznes sub’ektlari uchun soliq rejimlarini qulaylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini yanada soddalashtirish orqali biznes o‘sishini keng rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi «Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoni ayni yo‘nalishda muhim hujjat bo‘ldi.
Farmonning ahamiyati va unda nazarda tutilgan yengilliklar haqida O‘zA muxbiri Soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Ismatullo Sevinchov bilan suhbatlashdi.
– Biznes o‘sishi uchun iqtisodiy va ma’muriy qulayliklar yaratish, asosiy soliq stavkalarini oshirmasdan shaffof soliq bazasini kengaytirishda ushbu hujjatning ahamiyati qanday?
– Davlatimiz rahbarining farmoni bilan shu kungacha tadbirkorlarni qiynab kelayotgan, ularning shaffof va ochiq faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi.
Avvalo, biznes o‘sishini rag‘batlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilganini ta’kidlash lozim. Xabaringiz bor, 2019-yildan buyon foyda solig‘i va QQSga o‘tish uchun belgilangan 1 milliard so‘mlik chegaraviy miqdor shu kungacha qayta ko‘rib chiqilmagan va qat’iy belgilangan edi.
O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, ayrim tadbirkorlar tomonidan aylanmani 1 milliard so‘mga yetkazmasdan korxonani yopib yuborish, bir nechta korxonaga bo‘lish yoki xarid cheki bermaslik orqali QQS to‘lashdan qochish holatlari uchrar, bu esa biznesning kengayishiga to‘sqinlik qilar edi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida 2026-yil 1-iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi. Kelgusida narxlar o‘sishini inobatga olgan holda, ushbu miqdor bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) bog‘landi.
Shuningdek, tovarlarni import qilgan yuridik shaxslarni, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQSga o‘tkazish bekor qilinmoqda. Amaldagi tartib bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi bir marta import orqali tovar olib kelsa ham, majburiy tartibda QQSga o‘tkazilar edi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning amaldagi 12 foizlik stavkasi bilan birgalikda soddalashtirilgan tartibini qo‘llash huquqi berilmoqda. Soddalashtirilgan tartibda ushbu sohalar uchun QQS stavkasi 6 foiz qilib belgilandi hamda ular foyda solig‘idan ozod etilib, hisobot topshirish majburiyati bekor qilindi.
Bir jihatga e’tibor qaratish lozim: soddalashtirilgan tartibga o‘tgan tadbirkorlarga QQSni hisobga olish huquqi berilmaydi. QQS bo‘yicha mavjud imtiyozlar va «keshbek» (umumiy ovqatlanish, turoperator va mehmonxona xizmatlarida) tartiblari qo‘llanilmaydi, shuningdek, hisobga olingan QQS summalari hisobdan chiqariladi. Soliq to‘lovchilar tomonidan QQSning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish yoki undan voz kechish xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi. Ya’ni iyun oyida xabarnoma bergan holda, 1-iyuldan soddalashtirilgan tartibga o‘tish mumkin.
– Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini yaxshilash va ma’muriy yukni kamaytirish borasida qanday o‘zgarishlar nazarda tutilgan?
– Endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishda mavjud bo‘lgan ayrim ma’muriy to‘siqlar bartaraf etilmoqda. Xususan, QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat QQS to‘lovchilar hisobini yuritish uchun beriladi va guvohnoma o‘z vaqtida olinmagani uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga, guvohnomani vaqtinchalik to‘xtatib turish tartibi bekor qilindi.
Shuningdek, QQS to‘lovchilarning 10 million so‘mgacha bo‘lgan salbiy farq summasi ularning arizasisiz, avtomatik tartibda va tekshiruv o‘tkazilmasdan qaytarib beriladi. 2027-yildan boshlab esa soliq xavfi past bo‘lgan soliq to‘lovchilarga QQSni qaytarish to‘liq avtomatik tartibda amalga oshiriladi.
Asosiysi, kichik biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengaydi. Jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarib berishda tushum turidan qat’i nazar, 40 foiz miqdorida «keshbek» qaytarilishi belgilandi. Amalda esa naqd pulsiz tushum 60 foizdan yuqori bo‘lganda to‘langan QQSning 40 foizi, 60 foizdan kam bo‘lganda 20 foizi qaytarilar edi.
Mulohazalarimni yakunlab aytganda, Prezidentimizning mazkur farmoni biznes o‘sishi uchun iqtisodiy va ma’muriy qulayliklar yaratish, asosiy soliq stavkalarini oshirmasdan shaffof soliq bazasini kengaytirishda juda muhim qadam bo‘ldi. Bu raqamli xizmatlar va adolat tamoyiliga asoslangan soliq ma’muriyatchiligini yaxshilab, davlat, biznes, xodimlar, iste’molchilar va investorlar manfaatlari muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Hamroz Bayanov suhbatlashdi.