O‘zbekistonda tadbirkorlarning 64 foizi biznes sharoiti yaxshilanganini bildirdi
Biznes kayfiyatida ijobiy tendensiyalar saqlanib, buyurtmalar, ishlab chiqarish va bandlikka talab oshgan.
O‘zbekiston tadbirkorlik muhitida ijobiy tendensiyalar davom etmoqda. Markaziy bank tomonidan 2026-yil iyul oyida o‘tkazilgan so‘rovda mamlakatning barcha hududlaridan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan 2 ming 391 nafar tadbirkor ishtirok etdi. So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 64 foizi biznes yuritish sharoitlari yaxshilanganini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 61 foizni tashkil etgan edi.
Tadbirkorlar ijobiy o‘zgarishlarni, avvalo, bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti va litsenziya olish jarayonlarining yaxshilanishi bilan bog‘lagan. Ayni paytda soliq ma’murchiligi, monopollashuv darajasi, ma’muriy aralashuvlar, gaz va elektr ta’minoti hamda bojxona tariflari bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagani qayd etilgan.
Bu holat biznes muhitida ijobiy siljishlar mavjud bo‘lsa-da, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim tizimli masalalar hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari ham tadbirkorlarning ishbilarmonlik kayfiyati nisbatan yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 56 foizi buyurtmalar hajmi oshganini bildirgan. Bu, ayniqsa, qurilish, turizm, umumiy ovqatlanish, hunarmandchilik va ishlab chiqarish tarmoqlarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi ham oshgan. Yuqori quvvatlarda ishlayotgan korxonalar ulushi bir yilda 50 foizdan 58 foizga ko‘tarilgan.
Biroq, tadbirkorlik sub’ektlarining to‘liq quvvatda ishlashiga xalaqit berayotgan omillar ham bor. Ular orasida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, ichki talabning yetarli emasligi, avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi va logistikadagi uzilishlar asosiy cheklovlar sifatida ko‘rsatilgan. Mehnat bozorida ham faollik barqaror saqlangan. II chorakda tadbirkorlarning 48 foizi ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshganini bildirgan. Kelgusi davrda, ayniqsa Xorazm, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qo‘shimcha ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Sohalar kesimida esa ishlab chiqarish, qurilish, turizm va moliya tarmoqlarida yangi mehnat resurslariga ehtiyoj yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu ko‘rsatkichlar biznes sub’ektlarining faoliyatini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga intilayotganini anglatadi. Tadbirkorlarning moliyaviy holatiga oid ko‘rsatkichlar ham diqqatga sazovor.
So‘nggi uch oyda 42 foiz tadbirkor qarz majburiyatlari oshganini bildirgan. Shu bilan birga, respondentlarning 45 foizi kelgusida qarz majburiyatlari yana ortishini kutmoqda. Kredit resurslariga ehtiyoj, ayniqsa, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va umumiy ovqatlanish sohalarida yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Hududlar bo‘yicha esa Navoiy, Qashqadaryo, Andijon va Jizzax viloyatlarida kredit resurslariga ehtiyoj oshishi prognoz qilingan. Farg‘ona, Toshkent va Buxoroda esa kreditga ehtiyojning pasayishi yoki o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda.
So‘rov natijalari hududlardagi biznes kayfiyati bir xil emasligini ham ko‘rsatdi. Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida tadbirkorlarning 69 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 8 foiz bandga yuqori. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ushbu ko‘rsatkich 66 foizni tashkil etgan. Biroq, bu yerda o‘tgan yilga nisbatan 4 foiz bandlik pasayish kuzatilgan. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida biznes sharoitlari yaxshilanganini qayd etganlar ulushi 66 foiz bo‘lib, yillik o‘sish 4 foiz bandni tashkil etgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida mazkur ko‘rsatkich 65 foizga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foiz bandlik o‘sishdir. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tadbirkorlarning 61 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 53 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, mazkur hududlarda yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi sezilarli oshib, 43 foizdan 61 foizga yetgan. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida biznes sharoitlariga berilgan umumiy baho biroz pasaygan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi sezilarli yaxshilangan. Yuqori quvvatda ishlagan korxonalar ulushi 57 foizdan 70 foizga oshgan. Bu holat iqtisodiy faollikning muhim jihatini ko‘rsatadi: biznes muhitiga berilgan sub’ektiv baho pasaygan sharoitda ham korxonalarning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalanishi ortgan.
Bir so‘z bilan aytganda, 2026-yil II choragi natijalari O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi ijobiy yo‘nalishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirganlar ulushi 64 foizga yetgani, buyurtmalar hajmining o‘sishi, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishning ortishi va ishchi kuchiga talabning saqlanib qolayotgani iqtisodiy faollik uchun muhim signaldir.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA