Yosh tadbirkorning loyihasi sinovdan o‘tkazilmoqda
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan partiyaning “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida hududlarda o‘tkazilayotgan tanlovlar iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.
Qorao‘zak tumanidagi tanlovda Bibinur Bazarbayeva o‘zining innovatsion g‘oyasi — “AQUA LOOP” loyihasi bilan ishtirok etib, hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Suvni tejaydigan innovatsion yechim “AQUA LOOP” loyihasi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasiga qaratilgan. Loyiha asosida dush va qo‘l yuvishdan hosil bo‘ladigan kulrang suvni yig‘ish, maxsus filtrlar orqali tozalash va uni qayta texnik maqsadlarda foydalanish imkonini beruvchi qurilma ishlab chiqilgan.
Qurilmada suv uch bosqichda tozalanadi. Birinchi — mexanik filtr soch, ip va boshqa yirik zarrachalarni ushlab qoladi. Ikkinchi — biologik filtr organik moddalarni parchalaydi. Uchinchi — kimyoviy filtr esa suvdagi hid va rangni kamaytirib, yakuniy tozalash jarayonini amalga oshiradi. Shundan so‘ng tozalangan suv gravitatsiya kuchi asosida hojatxona bachogiga yo‘naltiriladi.
Loyihaning yana bir muhim jihati qo‘shimcha elektr energiyasi talab etmasligidir. Shuningdek, uni mavjud muhandislik infratuzilmasiga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

“AQUA LOOP” loyihasining ahamiyati uning faqat nazariy g‘oya bo‘lib qolmayotganida. Loyiha partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ayni paytda qurilma tajriba-sinov tariqasida Qorao‘zak tumanida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilmoqda. Bu esa yosh tadbirkorning innovatsion g‘oyasini haqiqiy sharoitda sinab ko‘rish, uning samaradorligini baholash va kelgusida yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Loyihaning asosiy maqsadli auditoriyasi ham aynan ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, ofis va ishxona binolari, davlat muassasalari kabi suv iste’moli yuqori bo‘lgan ob’ektlarni qamrab oladi. Tashabbuskor yoshning ta’kidlashicha, kelgusida qurilmani yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda suv tejamkorligiga qaratilgan ushbu yechimni kengroq miqyosda joriy etish rejalashtirilgan.
“AQUA LOOP” loyihasi partiyaning yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning innovatsion va kreativ g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari amaliy natija berayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu kabi loyihalar yoshlarni nafaqat tadbirkorlikka, balki jamiyatdagi mavjud muammolarga yangicha yondashib, ularga innovatsion yechim izlashga undaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri