"So‘g‘diyona" yomon o‘ynamadi, ammo...
Futbolda ba’zan yakuniy hisob uchrashuvning butun manzarasini aytib bermaydi. Raqamlar g‘olibni ko‘rsatadi, ammo g‘alabaning qanday qurilgani, qaysi nuqtada bir jamoa ikkinchisidan ustun kelgani, qaysi vaziyatda o‘yin taqdiri o‘zgargani haqida jim turadi.
Farg‘onadagi “Neftchi” — “So‘g‘diyona” uchrashuvi ham aynan shunday bahslardan biri bo‘ldi. Uning 3:0 ko‘rinishidagi yakuni ortida mezbonlarning bosimi, mehmonlarning qarshilik ko‘rsatishga bo‘lgan urinishi, darvozabonlar mahorati, VAR qarorlari va oxir-oqibat bir kishi kamayib qolgan jamoaning singan irodasi mujassam.
19-tur bahsi avvalidayoq “Neftchi”ning niyatini anglash qiyin emasdi. Farg‘ona jamoasi to‘pni ko‘proq nazorat qilishning o‘zi bilan cheklanmadi, hujumlarni tezlashtirish, ayniqsa, qanotlardan foydalanib raqib himoyasini yoyishga urindi. Bu oddiy ustunlik emas, o‘yinni o‘z qoidalari asosida qurishga bo‘lgan intilish edi. “So‘g‘diyona” esa mezbonlar bosimini qabul qilib olib, qulay fursat tug‘ilishi bilan qarshi hujumga o‘tishni ko‘zladi.
Ammo bu rejaning amalga oshishi uchun jizzaxliklarga avvalo “Neftchi”ning birinchi bosimini yengib o‘tish kerak edi. Mezbonlar bunga imkon berishmadi.
Dastlabki daqiqalardayoq Alisher Odilovning jarima maydonchasidagi harakati va keyingi xavfli hujumlar “Neftchi” raqib darvozasini tasodifiy emas, izchil ravishda nishonga olayotganini ko‘rsatdi. 12-daqiqada Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning zarbasini Milan Mitrovich qaytargani ham bu bosimning ikkinchi tomonini ochib berdi: “So‘g‘diyona” faqat himoyalanib qolmadi, ammo uning hujumlari mezbonlarniki kabi uzluksizlik kasb eta olmadi.

24-daqiqada esa o‘yindagi birinchi muhim savolga javob topildi. “Neftchi”ning ketma-ket hujumlari Zoran Marushichning aniq zarbasi bilan yakunlandi. 1:0 — raqamdan ko‘ra muhimrog‘i, mezbonlar o‘zlari tanlagan o‘yin uslubining birinchi samarasini olgan edi.
Biroq “So‘g‘diyona”ning o‘sha paytdayoq singanini aytish noto‘g‘ri bo‘lardi. Aksincha, mehmonlar birinchi bo‘lim oxirida bir necha marta vaziyat yaratdi. 39-daqiqada Yovovichning qarshi hujumdan keyingi zarbasini Mitrovich qaytardi. 42-daqiqada esa jizzaxliklar darvozaga yo‘llagan to‘p ofsayd sababli hisobga olinmadi. Shuningdek, Javohir Qahramonovning xavfli zarbasiga Botirali Ergashev javob berdi.
Demak, tanaffusgacha bo‘lgan manzarani bir tomonlama hukmronlik deb baholash qiyin. “Neftchi” tashabbusni ushlab turdi, “So‘g‘diyona” esa uning bo‘shliqlarini qidirdi. Farq shunda ediki, mezbonlar o‘z rejasini ko‘proq holatda raqib maydoniga ko‘chira oldi.
Ikkinchi bo‘lim ana shu kurashning davomi sifatida boshlandi. “So‘g‘diyona” hisobni tenglashtirish uchun oldinga chiqdi, bu esa “Neftchi”ga qarshi hujumlar uchun bo‘shliqlar qoldirdi. 48- va 49-daqiqalarda Mitrovichning ketma-ket seyvlari mehmonlarning hali taslim bo‘lmaganini, shu bilan birga, mezbonlarning himoyada ham jiddiy sinovdan o‘tayotganini ko‘rsatdi.

Keyin esa uchrashuvning eng bahsli nuqtalaridan biri yuzaga keldi.
56-daqiqada Marushich yana bir bor darvozani ishg‘ol qildi. Biroq hakam G‘ayrat Jo‘rayev ofsayd qayd etgani uchun gol dastlab inobatga olinmadi. Vaziyat VAR orqali qayta ko‘rib chiqildi. Natijada qaror o‘zgardi — gol hisobga olindi va “Neftchi” 2:0 hisobida oldinga chiqdi.
Bu yerda masala faqat hisobning o‘zgarganida emas. 1:0 bilan 2:0 o‘rtasida futbol nuqtai nazaridan katta ruhiy farq bor. Bir gol farqi saqlanib turganida “So‘g‘diyona”ning umidi tirik edi. Ikkinchi gol esa mehmonlarni nafaqat yanada ochilishga, balki tavakkalchilikka majbur qildi.
Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyevning matbuot anjumanida aynan shu epizodga alohida to‘xtalishi ham bejiz emas.

— Avvalo, “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin haqida ko‘p gapirmoqchi emasman. Faqat o‘tkazib yuborilgan ikkinchi gol bo‘yicha ko‘pchilikning fikri qiziq. O‘yindan tashqari vaziyatda turgan raqib futbolchisi darvozabonimizning to‘pni ko‘rish imkoniyatini cheklab turgandi. Avvaliga gol hisobga olinmadi, keyin esa inobatga olindi. Hayronman, — dedi “So‘g‘diyona” ustozi.

Biroq uchrashuv taqdirini faqat VAR qaroridan izlash ham biryoqlama yondashuv bo‘ladi. Chunki oradan ko‘p o‘tmay “So‘g‘diyona”ning ahvolini yanada og‘irlashtirgan voqea ro‘y berdi.
68-daqiqada Shohjahon Sultonmurodov maydondan chetlatildi. Uning Vladimir Yovovichga nisbatan qo‘pol harakati dastlab sariq kartochkaga loyiq deb baholandi. Ammo VAR aralashuvidan keyin bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev qarorini o‘zgartirib, mehmonlar futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatdi.
Ana shu lahzada 2:0 hisobining o‘zi ham “So‘g‘diyona” uchun yetarlicha og‘ir bo‘lsa, endi maydonda bir kishi kam qolish jamoaning taktik imkoniyatlarini yanada qisqartirdi. Mehmonlar ortga chekinib, hisobni saqlab qolishga urinishi mumkin edi. Oldinga chiqsa, “Neftchi”ning tezkor hujumlariga yanada katta hudud qoldirishi aniq edi. Ya’ni Baqoyev jamoasi uchun har ikki yo‘l ham xavfdan xoli emasdi.
Shunga qaramay, “So‘g‘diyona” taslim bo‘lmadi. Buni uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri sifatida qayd etish kerak. Bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, mehmonlar o‘yinni tashlab qo‘ymadi. Ammo futbolda jasoratning o‘zi ba’zan yetarli bo‘lmaydi. Soni kamaygan jamoa hududni yo‘qotadi, hudud yo‘qolsa, raqibga qaror qabul qilish uchun ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ladi.

“Neftchi” esa aynan shu imkoniyatdan foydalandi.
Mezbonlar shoshilmadi. Raqibning yana bir bor ochilishini kutib, qarshi hujum uchun qulay pallani poyladi. Qo‘shib berilgan vaqtda Alisher Odilovning tezkor harakati ana shu rejaning mantiqiy davomi bo‘ldi. U himoyachilardan qochib chiqib, zarba yo‘lladi. Darvoza ustunidan qaytgan to‘pni Stipe Peritsa to‘ldirib, uchrashuvga nuqta qo‘ydi.
3:0. Ammo bu hisobni oddiy yirik g‘alaba sifatida qabul qilish “Neftchi”ning o‘yinidagi asosiy jihatni ko‘zdan qochiradi. Farg‘ona jamoasi raqibini bir zumda emas, bosqichma-bosqich sindirdi: avval bosim bilan, keyin gol bilan, so‘ng VAR orqali tasdiqlangan ikkinchi zarba bilan va nihoyat bir kishi kamaygan raqibning bo‘shliqlaridan foydalangan holda.
Shu ma’noda, bu bahsda Marushichning dubl qilishi yoki Peritsa qo‘shimcha vaqtda uchinchi golni urganidan ko‘ra muhimroq jihat — “Neftchi” ning o‘yin vaziyatiga qarab o‘z uslubini o‘zgartira olganida edi. Mezbonlar zarur paytda bosim qildi, zarur paytda qarshi hujumga o‘tdi, raqibning kuchaygan pallasida darvozaboni Botirali Ergashevga suyandi va ustunlikni qo‘lga kiritgach, uni boy bermadi.

“So‘g‘diyona” uchun esa Farg‘onadagi mag‘lubiyatdan chiqariladigan xulosa faqat himoyadagi xatolar yoki hakam qarorlari bilan cheklanmasligi kerak. Chunki jamoa birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘lim boshida ham raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatish imkoniyatiga ega edi. Biroq hal qiluvchi vaziyatlarda “Neftchi” sovuqqonroq harakat qildi.
Bu jamoalarning joriy mavsumdagi ikkinchi to‘qnashuvi edi. Birinchi davrada Zominda o‘tgan bahsda ham “So‘g‘diyona” farg‘onaliklarga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan. O‘sha og‘ir mag‘lubiyatdan keyin jizzaxliklar o‘yinida o‘zgarish sezilib, jamoa qatorasiga to‘rt uchrashuvda g‘alaba qozongan edi. Shuning uchun Farg‘onadagi 0:3 natija oddiy navbatdagi yo‘qotish emas — Baqoyev jamoasining o‘sha oldingi saboqlardan qay darajada xulosa chiqara olgani haqida jiddiy savol qo‘yadigan natija.
“Neftchi” esa aksincha, mavsumning shu pallasida yana bir muhim signal berdi: jamoa nafaqat g‘alaba qozonishni, balki o‘yin taqdirini o‘z foydasiga burishning turli yo‘llarini ham biladi. Farg‘onadagi uch ochkoning qimmati ham shunda — raqibning xatosini kutishda emas, uni xato qilishga majbur qiladigan o‘yinni qurishda.
Futbolda chempionlikka da’vo qilayotgan jamoalar aynan shunday bahslarda toblanadi. Katta hisob bilan emas, katta hisobga olib borgan o‘yin bilan.
Bugun va 25-26-avgust kunlari 19-turning qolgan bahslari bo‘lib o‘tadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri