«Nasaf» OFK Ayollar chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma oldi
OFK Ayollar chempionlar ligasi guruh bosqichi uchun kurashda «Nasaf» hayratomuz natija ko‘rsatib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanma oldi. Qarshidagi so‘nggi o‘yindagi g‘alaba ularning ustunligini yana bir bor isbotladi.
Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionida OFK Ayollar chempionlar ligasining 2026/27 yilgi mavsumi saralash bosqichi 3-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston chempioni «Nasaf» Birlashgan Arab Amirliklarining «Banaat» jamoasiga qarshi maydonga tushib, 7:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, saralash bosqichi davomida vakillarimiz birinchi turda Laosning "Master" jamoasini 11:0 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, ikkinchi turda Butanning "Royal Tximpxu Kollej" klubi ustidan 3:0 hisobida ustun keldi.
Shu tariqa, «Nasaf» jamoasi o‘tkazilgan uchta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, raqiblari darvozasiga jami 21 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va yuz foizlik natija bilan asosiy guruh bosqichiga yo‘llanma oldi.
Ma’lumot uchun, ayni damga kelib, OFK Ayollar chempionlar ligasining 2026/27 yilgi mavsumi guruh bosqichida ishtirok etadigan 12 ta jamoa nomi ham ma’lum bo‘ldi.
1-savatcha: «Negoyhyang», «Melburn Siti», «Xvachxon KSPO».
2-savatcha: «Kobe Leonessa», «Beyszin Jintan», «Xo Shi Min Siti».
3-savatcha: «Bam Xatun», «Kaya — Iloilo», «Ist Bengal».
4-savatcha: «Eypril 25», «Nasaf», «Ayyavadi».
Guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi 3-sentabr kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA