Abduqodir Husanov joriy mavsum APLdagi ilk o‘yinida munosib ko‘rsatkich qayd etdi
Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida Angliya Premer-ligasining yangi mavsum bahsida maydonga tushdi.
O‘tgan hafta yakunida futbol bo‘yicha Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi start olgan edi. Bugun “Fulhem” — “Chelsi” uchrashuvidan so‘ng chempionatning 1-turi yakunlanadi.
Tur doirasida o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlarining diqqat-markazida bo‘lgan uchrashuvlardan biri “Manchester Siti” va “Bornmut” o‘yini bo‘ldi. “Etihad” stadionida o‘tkazilgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Manchester Siti” tarkibida harakat qilayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Markaziy himoyachi sifatida maydonga tushgan hamyurtimiz bahsni to‘liq o‘tkazdi.
A.Husanov uchrashuv davomida 90 ta uzatmaning 87 tasini aniq amalga oshirdi. Bu 97 foizlik pas aniqligini tashkil etdi. Shuningdek, futbolchimiz to‘pga 97-marta tegindi. Statistik ma’lumotlarga ixtisoslashgan “Flashscore” portali Abduqodir Husanovning o‘yinini 8,2 ballga baholadi. “Sofascore”da esa uning harakatlarini 7,0 ballga loyiq ko‘rdi.
Shu tariqa, “Manchester Siti” yangi mavsumni g‘alaba bilan boshladi.

Premer-liganing 1-turidan o‘rin olgan yana bir markaziy bahs “Nyukasl Yunayted” — “Liverpul” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. “Sent-Djeyms Park” stadionida kechgan uchrashuv 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.
Ushbu o‘yinning 5-daqiqasida Entoni Elanga “Nyukasl”ni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda “Liverpul” javob golini urdi. 55-daqiqada Kodi Gakpo hisobni tenglashtirdi. 58-daqiqada Jo Uillok mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi. Biroq, uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 9-daqiqada Dominik Soboslai penaltidan unumli foydalanib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Premer-liga 1-turida hozirga qadar quyidagi natijalar qayd etildi:
“Arsenal” — “Koventri Siti” — 3:0;
“Hall Siti” — “Manchester Yunayted” — 2:0;
“Ipsvich Taun” — “Sanderlend” — 2:1;
“Everton” — “Kristal Pelas” — 2:0;
“Nottingem Forest” — “Lids Yunayted” — 0:1;
“Brentford” — “Tottenxem” — 3:0;
“Brayton” — “Aston Villa” — 4:0;
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA