“So‘g‘diyona” akademiyasi tarbiyalanuvchilari – O‘zbekiston chempioni
Jizzax shahri mamlakat yoshlar futbolidagi eng muhim bahslardan biriga mezbonlik qildi. Futbol akademiyalari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining U-15 yosh toifasida o‘tkazilgan final uchrashuvida Jizzaxning “So‘g‘diyona” akademiyasi tarbiyalanuvchilari Qarshining kuchli va an’anaviy futbol maktablaridan biri hisoblangan “Nasaf” akademiyasi jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Murosasiz va keskin kurashlarga boy kechgan finalda har ikki jamoa g‘alaba uchun oxirigacha harakat qildi. Asosiy vaqt davomida darvozalar to‘rt bor ishg‘ol qilinib, tabloda 2:2 hisobi qayd etildi. Uchrashuv taqdirini esa penaltilar seriyasi hal qildi. Ruhiy bosim yuqori bo‘lgan ushbu sinovda jizzaxlik yoshlar mustahkam iroda va yuksak mahoratlarini namoyon etishib, qarshilik tengqurlarini penaltilar seriyasida 5:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi va O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lishdi.

Shubhasiz, “So‘g‘diyona” akademiyasi tarbiyalanuvchilari qo‘lga kiritgan ushbu tarixiy zafar Jizzax futboli solnomasida yorqin sahifa sifatida muhrlanadi. Endi mamlakat chempioni degan yuksak nom yosh futbolchilar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki bu g‘alaba — katta futbol sari tashlangan ishonchli qadamdir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA