Namanganda suv polosi bo‘yicha viloyat kubogi o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatidagi Suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 15 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida suv polosi bo‘yicha viloyat kubogi uchun bellashuvlar o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida suv polosi sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularning sport mahoratini yuksaltirish hamda kelgusidagi nufuzli musobaqalarda viloyat sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni saralab olishdan iborat.
[gallery-31034]
Musobaqada viloyatning turli hududlaridan kelgan yosh sportchilar jamoalar tarkibida maydonga tushib, g‘alaba uchun kuch sinashdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati va jamoaviy o‘yin ko‘nikmalarini namoyon etdi. Har bir uchrashuvda murosasiz kurash, tezkor harakat va aniq taktik yondashuv kuzatildi.
Suv polosi nafaqat jismoniy chidamlilik, balki tezkor qaror qabul qilish, jamoa bilan hamjihat harakat qilish va yuqori darajadagi sport intizomini talab etadi. Shu jihatdan musobaqa yosh sportchilar uchun tajriba orttirish va mahoratini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, faol ishtirok etgan sportchilar munosib taqdirlandi. Musobaqa yoshlar o‘rtasida suv sport turlariga qiziqishni oshirish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va sport zaxirasini shakllantirishga xizmat qildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA