“US Open-2026”: Polina Kudermetovaning ilk raqibi aniq bo‘ldi
Tennis bo‘yicha Amerika ochiq chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan tennischilar jiddiy sinovga duch keladi. Ayniqsa, saralash bosqichidagi ilk uchrashuv katta ahamiyatga ega.
Joriy yilning 13-sentabriga qadar davom etadigan tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Amerika ochiq chempionatida mamlakatimiz sharafini uch nafar tennischi himoya qiladi. Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva turnirning asosiy to‘rida ishtirok etsa, Polina Kudermetova saralash bosqichidan bahslarga kirishadi.
Saralash bahslariga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning uchinchi raqamli tennischisi Polina Kudermetova birinchi raqam ostida tasniflandi. Hamyurtimiz birinchi bosqichda chexiyalik 21 yoshli Linda Fruxvirtovaga qarshi kortga chiqadi.
Mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan 25-avgustga o‘tar kechasi soat 00:30 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, bu tennischilarning o‘zaro ikkinchi uchrashuvi bo‘ladi. Ular ilk bor 2024-yil 23-sentabr kuni Pekindagi turnirda raqobatlashgan. O‘shanda Kudermetova 6:7 (3), 6:1, 6:2 hisobida g‘alaba qozongan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA