Jahon chempionati: o‘smir dzyudochilarimiz aralash jamoaviy bahslarda 3-o‘rinni egalladi
Ekvadorning Guayakil shahrida o‘smir dzyudochilar ishtirokida o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari munosib natijalarni qayd etdi.
Chempionatning so‘nggi kunida Braziliya, Bolgariya, Kanada, Ekvador, Fransiya, Gruziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Rossiya Federatsiyasi va Turkiya terma jamoalari ishtirokida tashkil etilgan jamoaviy aralash bellashuvlarda hamyurtlarimiz 3-o‘rinni egalladi.
Jahonning 12 ta saralangan terma jamoalari qatorida O‘zbekiston o‘smirlari medallar uchun kurash olib bordi.
Chorak finalda Rossiyani mag‘lub etgan o‘smir dzyudochilar murosasiz kechgan 1/2 final bahsida Qozog‘iston terma jamoasiga imkoniyatni boy berdi.

Dzyudochilarimiz bronza medali uchun kechgan bellashuvda Fransiya terma jamoasini 4:1 hisobida dog‘da qoldirdi va shohsupadan joy egalladi. O‘z navbatida Qozog‘iston jamoasi finalda Braziliyadan ustun kelib, aralash jamoaviy bahslarda jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari yakkalik bahslarda 1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza medal bilan 60 ta davlat orasida kuchli uchlikdan joy egallagandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA