“Sivilizatsiyalar uyg‘unligi va hamkorlik forumi” xalqaro ekspertlarni bir maydonga jamladi
Bugun dunyo geosiyosiy va madaniy o‘zgarishlar ostonasida turgan bir paytda Toshkent yana bir bor intellektual muloqot va sivilizatsiyalar uyg‘unligi chorrahasiga aylandi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bo‘lib o‘tgan “Sivilizatsiyalar uyg‘unligi va hamkorlik forumi” O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yangi intellektual ko‘prik bo‘ldi.
Forumda O‘zbekiston va Xitoyning ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalari vakillari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi. Ushbu forumning asosiy g‘oyasi asrlar davomida Ipak yo‘li orqali bir-birini boyitib kelgan ikki buyuk sivilizatsiyaning strategik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Ushbu tadbir davomida ham “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida sivilizatsiyalararo hamkorlik, Buyuk ipak yo‘li merosi, xalqaro ta’lim almashinuvi, sinologiyaning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
[gallery-29923]
Forumda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi, Pekin universiteti, Moskva davlat universiteti, Xalqaro konfutsiy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston madaniy meros agentligi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda ilmiy-ta’limiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Xitoy sivilizatsiyalari o‘rtasidagi aloqalar nafaqat tarixiy xotira, balki istiqbolli jarayon ekanini yana bir bor isbotladi. Toshkentdan boshlangan ushbu intellektual muloqot kelajakda yangi ilmiy kashfiyotlar uchun poydevor bo‘ladi degan umiddamiz.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘ktam Haitov (surat)
O‘zA