Sinovli kunlarda suyanch bo‘lgan mahalla
FOTOREPORTAJ
Har bir oila hayotida turli sinovli damlar bo‘ladi. Ana shunday og‘ir vaziyatlarda insonga nafaqat moddiy ko‘mak, balki e’tibor, mehr va qo‘llab-quvvatlov ham katta kuch beradi. Ayniqsa, oila boquvchisining salomatligi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelib, ro‘zg‘or tashvishlari ortgan paytda manzilli ijtimoiy yordamning ahamiyati yanada ortadi.
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi “Joyilma” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bibinor Xidirovaning oilasi ham ana shunday sinovli kunlarni boshdan kechirmoqda. Oila boshlig‘i Boborahmat Xidirov insult oqibatida I guruh nogironi bo‘lib qolgan.
Shunga qaramay, oila o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmadi. Xonadon a’zolarining ehtiyojlari o‘rganilib, ular bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Mahalla ijtimoiy xodimi Samandar Mengliyev tomonidan oilaning mavjud muammolari tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
[gallery-31230]
Jumladan, oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilib, bolalar nafaqasi tayinlandi. Bibinor Xidirova tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolanishi uchun order berildi. Xonadon ijtimoiy paket doirasida ta’mirlab berildi.
“Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan oilaga kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Xonadon a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatildi.
B. Xidirovning davolanishi uchun homiylik mablag‘lari hisobidan amaliy yordam ko‘rsatilib, “Faol hayot” dasturi doirasida xizmat tashkil etildi.
Oilaning daromad manbasini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Bibinor Xidirovaga tikuv mashinasi olib berildi. Bu esa kelgusida o‘z mehnati orqali daromad topishi va oilaviy sharoitini yaxshilashi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Farzandlar — Aziz va Nursulton matematika to‘garaklariga jalb qilindi. Bibizaynab esa bog‘chaga imtiyozli tartibda joylashtirildi.
Shuningdek, oilaning moddiy ahvolini yaxshilash masalasi hokim yordamchisiga yo‘naltirildi. Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun oilaga 1 million so‘m kompensatsiya berildi.
Bugun mahallada oilaning har bir muammosiga manzilli yondashilib, uni hal etishga ko‘maklashilmoqda. Bu kabi e’tibor va amaliy yordamlar oilaning qiyinchiliklarni yengib o‘tishi, farzandlar kelajagi haqida ishonch bilan o‘ylashi hamda o‘z mehnati bilan turmush sharoitini yaxshilashi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA