Шуманайда oilaviy tadbirkorlik rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida ham aholining o‘z mehnati va tadbirkorligi orqali daromad topishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 ming 53 nafar fuqaroga jami 19 milliard 379 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A. Orinbayevning topshirig‘iga muvofiq, ishsiz fuqarolarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etish maqsadida 152 nafar fuqaroga 190 ta asbob-uskuna olib berildi.
Tumanda chorvachilikni rivojlantirish borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, 474 bosh naslli qo‘y olib kelinib, imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan aholiga tarqatildi. Ayni paytda naslli yirik shoxli qoramollar keltirish bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda.
Shumanay tumani markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan “Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Shuhrat Orazimbetov ham yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Uy sharoitida termopanellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida unga bank mablag‘lari hisobidan 98 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
[gallery-31326]
Ayni paytda Shuhrat Orazimbetov farzandlari bilan birgalikda uy sharoitida termopanellar ishlab chiqarib, buyurtmalar asosida mahsulot tayyorlamoqda.
Mazkur faoliyat oila uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratish bilan birga, aholining qurilish sohasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yaqin hududdan xarid qilish imkoniyatini ham kengaytirmoqda.
Yangi loyihaning amalga oshirilishi natijasida zamonaviy qurilish materiallarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, yangi daromad manbalarini shakllantirish va kelgusida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Bunday tashabbuslar aholining tadbirkorlikka qiziqishini oshirib, o‘z mehnati, bilimi va tashabbusi orqali daromad topishiga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA