Sho‘rchida kunduzgi parvarish xizmati ish boshladi
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida “Insonga saxovat” mas’uliyati cheklangan jamiyati nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 35 o‘rinli kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ydi.
Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirib, oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Oila a’zolarining mehnat qilishiga sharoit yaratish va nogironligi bo‘lgan bolalarning oila qaramog‘ida qolishini ta’minlab, ularni kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olishda o‘z samaralarini bermoqda.

Tumanda ish boshlagan barcha sharoitlarga ega muassasada 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tengdoshlari bilan muloqotga kirishib, tajribali mutaxassislarning psixologik va ijtimoiy ko‘magidan bahramand bo‘lmoqda.
– Markazimiz nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiylashuviga yordam ko‘rsatish barobarida ularning ota-onalari mehnat qilishi uchun qulay muhit yaratmoqda, –deydi tadbirkor Gulshoda Boyqobilova. – Endilikda ular ko‘ngli xotirjam ishga chiqib, oilasiga daromad olib kelishi, ro‘zg‘orini butlab olishi mumkin. Bolalarga esa tajribali tarbiyachilarimiz turli rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil etib, ularning yangi hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

Ayni paytda markazda 35 nafar nogironligi bo‘lgan bola kunduzgi parvarish xizmatiga qamrab olinib, mehr ko‘rsatilayotir. Ular muloqot qilish, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish, yengil sport mashqlarini bajarish va boshqa mashg‘ulotlarda qatnashib, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilishini mustahkamlamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri