SHHT – 25 yil: «Shanxay beshligi»dan Yevrosiyoning eng yirik mintaqaviy tashkilotigacha
2026-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi. O‘tgan chorak asr davomida tashkilot chegaralarda ishonchni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy mexanizmdan Yevrosiyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biriga aylandi.
2001-yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan SHHT bugungi kunda 10 ta a’zo davlatni birlashtirmoqda. 2017-yilda Hindiston va Pokiston, 2023-yilda Eron, 2024-yilda esa Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi. Shuningdek, SHHT tarkibida 2 ta kuzatuvchi davlat hamda 15 ta muloqot bo‘yicha sherik mamlakat mavjud.
Bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar:
- 3,4 milliarddan ortiq aholini, ya’ni Yer shari aholisining qariyb 42-45 foizini birlashtirgan;
- 36 million kvadrat kilometrdan ziyod hududni egallab, Yevrosiyo qit’asi maydonining qariyb 60 foizini qamrab olgan;
- jahon yalpi ichki mahsulotining (YAIM) taxminan 25 foizini ishlab chiqarmoqda;
- dunyo tashqi savdosining 15 foizdan ortig‘ini ta’minlamoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar SHHTni aholi soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotlardan biriga aylantirdi.
SHHTning dastlabki vazifasi terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishdan iborat edi.
Bu borada Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) muhim o‘rin tutadi. Uning faoliyati davomida a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, qator qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkazildi hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mustahkamlandi.
So‘nggi yillarda SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada kengaydi.
Jumladan, Xitoyning SHHT mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2024-yilda 512,4 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2001-yilga nisbatan 40 barobardan ziyod o‘sganini anglatadi.
Bugungi kunda tashkilot doirasida:
- transport yo‘laklarini rivojlantirish;
- energetika sohasidagi hamkorlik;
- raqamli iqtisodiyot;
- sanoat kooperatsiyasi;
- logistika;
- qishloq xo‘jaligi;
- «yashil iqtisodiyot» yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda.
SHHT mamlakatlari Yevrosiyodagi transport va logistika tarmoqlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
2025-yil o‘rtalariga kelib Xitoy – Yevropa temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha 110 mingdan ortiq yuk poyezdi harakatlandi. Ularning katta qismi SHHT hududi orqali o‘tadi. Bu esa Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston SHHTning asoschi davlatlaridan biri hisoblanadi.
Toshkent shahrida tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi joylashgani mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim o‘rnini yaqqol namoyon etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston transport yo‘laklarini kengaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar va ta’lim sohasidagi qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.
SHHTning 25 yillik tarixi uning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’siri muntazam oshib borayotganini tasdiqlaydi.
Bugun tashkilot dunyo aholisining qariyb yarmini, ulkan iqtisodiy va tabiiy resurslarga ega mamlakatlarni birlashtirgan. O‘zaro ishonch, teng huquqli hamkorlik va umumiy taraqqiyot tamoyillariga asoslangan SHHT kelgusi yillarda ham Yevrosiyoda barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri
SHHTga a’zo davlatlar jurnalistlarining Bishkek mediaforumidan.