"Enterprise Uzbekistan" va TIFC: nima uchun aynan ingliz huquqi tanlandi?
Mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda xalqaro biznes uchun zamonaviy huquqiy infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan tashabbuslardan biri Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi «Enterprise Uzbekistan» loyihasini amalga oshirish, shuningdek Toshkent xalqaro moliyaviy markazi(TIFC)ni tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Mazkur ikki tashabbusning eng muhim xususiyati shundaki, O‘zbekiston mustaqilligi tarixida ilk bor maxsus huquqiy rejimlar doirasida ingliz umumiy huquqi (English Common Law) elementlarini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
2025-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Enterprise Uzbekistan» Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ushbu markaz ilk bor 2024-yil fevral oyida IT Park hududida tashkil etilgan bo‘lib, unda 2024-yil 1-iyundan boshlab xorijiy kompaniyalar uchun besh yillik eksperiment tariqasida maxsus huquqiy rejim joriy etish belgilangan edi. Keyingi farmon bilan Prezident Enterprise Uzbekistanni ingliz va Uels umumiy huquqi normalari va prinsiplari yoki yetakchi xalqaro moliyaviy markazlar standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud (yurisdiksiya) sifatida belgiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 30-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yana bir farmoni bilan Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TIFC) hamda Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish belgilandi. Mazkur hududlarda yetakchi xalqaro moliyaviy yurisdiksiyalar tamoyillariga asoslangan maxsus huquqiy rejim doirasida belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan. Zamonaviy huquqiy tartibga solish, mustaqil sud tizimi va xalqaro tijorat arbitrajining uyg‘unligi aynan shu yurisdiksiyalarga jahonning eng yirik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish markazlaridan biriga aylanish imkonini berdi.
Bugungi kunda aynan shunday yo‘ldan O‘zbekiston Respublikasi ham bormoqda. Biroq bu islohotlar bilan bir qatorda qator muhim va dolzarb savollar ham yuzaga kelmoqda.
Ushbu savollarga atroflicha javob olish maqsadida xalqaro huquq, ingliz huquqi, xalqaro intellektual mulk huquqi hamda inson huquqlari sohasidagi mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik Tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shohruxbek Tillaboyev bilan suhbatlashdik.

– So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etish haqida ko‘p gapirilmoqda. Nima uchun aynan hozir bunday qadamga ehtiyoj paydo bo‘ldi, bu nimani anglatadi?
– Menimcha, avvalo, eng keng tarqalgan noto‘g‘ri tasavvurlardan biriga oydinlik kiritish lozim. O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etish haqida so‘z ketganda, ayrimlar buni milliy huquq tizimini to‘liq almashtirish yoki mamlakatning romano-german huquq tizimidan anglosakson huquq tizimiga o‘tishi sifatida qabul qiladi. Aslida esa bu mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv.
O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimi kontinental (romano-german) huquq oilasiga mansub bo‘lib, uning asosini Konstitutsiya, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tashkil etadi. Bugun ham mamlakat hududidagi ijtimoiy munosabatlarning asosiy qismi aynan milliy qonunchilik bilan tartibga solinadi. Ingliz huquqini qo‘llash esa faqat maxsus huquqiy rejim joriy etilgan alohida yurisdiksiyalar doirasida hamda xalqaro investitsiyalar, raqamli iqtisodiyot, moliyaviy xizmatlar va transchegaraviy tijorat munosabatlari kabi muayyan sohalarga nisbatan nazarda tutilmoqda.
Bunday yondashuvni yangilik deb bo‘lmaydi. Aksincha, so‘nggi yigirma yil davomida u xalqaro moliyaviy va investitsiya markazlarini rivojlantirishning eng muvaffaqiyatli modellaridan biri sifatida shakllandi. Masalan, Dubai International Financial Centre (DIFC), Abu Dhabi Global Market (ADGM), Astana International Financial Centre (AIFC) va Qatar Financial Centre (QFC) kabi xalqaro markazlar o‘z milliy huquq tizimlarini saqlab qolgan holda, maxsus yurisdiksiyalar doirasida ingliz umumiy huquqi tamoyillarini joriy etdilar. Bu davlatlarning hech biri milliy huquq tizimidan voz kechmadi. Ingliz huquqi faqat maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda va qonun bilan belgilangan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Bugungi kunda aynan shunday yondashuv O‘zbekistonda ham shakllantirilmoqda. «Enterprise Uzbekistan»ning tashkil etilishi va TIFCni barpo etish bo‘yicha tashabbuslar davlatning xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda mamlakatni mintaqaviy moliyaviy va texnologik markazga aylantirishga qaratilgan strategik siyosatiga to‘liq mos keladi.
– Nima uchun aynan ingliz huquqi tanlandi?
– Buning javobi juda amaliy ahamiyatga ega. Bugungi kunda xalqaro tijorat munosabatlarida ingliz huquqi eng keng qo‘llaniladigan huquq tizimlaridan biri hisoblanadi. Yirik investitsiya shartnomalari, bank kreditlari, loyihaviy moliyalashtirish, venchur investitsiyalari, aksiyadorlik bitimlari (Shareholders' Agreements), kompaniyalarni qo‘shib yuborish va sotib olish (M&A) hamda boshqa ko‘plab transchegaraviy tijorat shartnomalari aynan ingliz huquqi asosida tuziladi. Hatto bitim ishtirokchilari Buyuk Britaniya bilan hech qanday aloqador bo‘lmagan hollarda ham ular ko‘pincha shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquq sifatida aynan ingliz huquqini tanlaydi.
Buning asosiy sababi — xalqaro biznes hamjamiyatining ingliz umumiy huquqiga bo‘lgan yuqori ishonchi. Asrlar davomida shakllangan sud amaliyoti natijasida ingliz huquqida tijorat munosabatlarini tartibga soluvchi mustahkam va barqaror huquqiy mexanizmlar vujudga kelgan. Ular shartnoma erkinligi, tomonlar irodasining ustuvorligi, huquqiy aniqlik, tavakkalchiliklarni oldindan taqsimlash hamda investorlarning qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish imkonini beradi.
Zamonaviy investor uchun soliq imtiyozlari muhim omil hisoblansa-da, ular yagona hal qiluvchi mezon emas. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, investor birinchi navbatda quyidagi savollarga javob izlaydi: shartnoma qaysi huquq bilan tartibga solinadi? Nizo kelib chiqsa, uni qaysi sud yoki arbitraj ko‘rib chiqadi? Qabul qilingan qaror mustaqil va adolatli bo‘ladimi? Uning ijrosi kafolatlanadimi? Aynan shu omillar investitsiya muhitining haqiqiy jozibadorligini belgilaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Enterprise Uzbekistan va TIFCni tashkil etish orqali O‘zbekiston nafaqat yangi investitsiya maydonlarini, balki xalqaro investorlar uchun tushunarli va prognoz qilinishi mumkin bo‘lgan huquqiy muhitni shakllantirishga intilayotganini ko‘rish mumkin.
– Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi «Enterprise Uzbekistan»ni nima uchun oddiy erkin iqtisodiy zona deb hisoblab bo‘lmaydi?
– Bir qarashda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq imtiyozlari taqdim etuvchi navbatdagi erkin iqtisodiy zona sifatida ko‘rinishi mumkin. Biroq bunday tasavvur masalaga juda soddalashtirilgan yondashuv bo‘lar edi. Agar ushbu markazning huquqiy asoslari va maqsadlarini chuqur tahlil qilsak, gap O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi bo‘lgan, an’anaviy erkin iqtisodiy zonalardan tubdan farq qiluvchi huquqiy institut haqida borayotganini ko‘rish mumkin.
“Enterprise Uzbekistan” mutlaqo boshqa maqsad bilan tashkil etilmoqda. Uning asosiy vazifasi bilimlar iqtisodiyoti, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar rivojiga xizmat qiluvchi xalqaro raqamli yurisdiksiyani shakllantirishdan iborat. Shu sababli markaz diqqat markazida sanoat korxonalari emas, balki texnologik kompaniyalar, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar, startaplar, sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar, fintex kompaniyalar, raqamli platformalar, kiberxavfsizlik sohasi ishtirokchilari, katta ma’lumotlar (Big Data), bulutli texnologiyalar, blokcheyn yechimlari hamda raqamli iqtisodiyotning boshqa zamonaviy yo‘nalishlari turibdi.
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining eng muhim xususiyati shundaki, davlat bu yerda faqat soliq imtiyozlari berilgan hududni emas, balki xalqaro raqamli biznes va investitsiyalarga yo‘naltirilgan maxsus huquqiy muhitni shakllantirmoqda.
Jumladan, Markaz doirasida ishtirokchilar o‘rtasidagi tijorat munosabatlarini tartibga solishda ingliz shartnoma huquqining ayrim elementlarini qo‘llash imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bu xalqaro biznes amaliyotida keng tarqalgan ko‘plab zamonaviy shartnoma konstruksiyalaridan bevosita Markaz rezidentlari tomonidan foydalanish imkonini beradi. Bunday yondashuv xorijiy investorlar ishonchini sezilarli darajada oshiradi, chunki ular o‘zlariga yaxshi tanish bo‘lgan huquqiy mexanizmlar va bitimlarni tuzish usullaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, maxsus huquqiy rejim oddiy shartnoma munosabatlaridan ancha keng sohalarni qamrab oladi. U rezidentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, korporativ boshqaruv, investitsiya faoliyati, intellektual mulk, mehnat munosabatlarining ayrim jihatlari, raqamli texnologiyalardan foydalanish, ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek tijorat nizolarini hal qilish mexanizmlarini ham o‘z ichiga oladi.
– Agar “Enterprise Uzbekistan” doirasida ingliz huquqi qo‘llanilsa, u holda kelib chiqadigan nizolarni qaysi organ ko‘rib chiqadi? Alohida sud tashkil etish nazarda tutilganmi?
– Bu, ehtimol, butun islohotning eng muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, har qanday investor uchun shartnomaga qaysi huquq qo‘llanilishini bilishning o‘zi yetarli emas. U uchun ushbu huquqni qaysi organ talqin qilishi va nizo kelib chiqqan taqdirda uning huquqlari qanday tartibda himoya qilinishi ham birdek muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, “Enterprise Uzbekistan” bo‘yicha tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ixtisoslashgan sud tashkil etish nazarda tutilgan. Mazkur sud Markaz faoliyati doirasida kelib chiqadigan aksariyat nizolar bo‘yicha mutlaq (maxsus) yurisdiksiyaga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Bu esa ixtisoslashgan sud faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng “Enterprise Uzbekistan” bilan bog‘liq asosiy iqtisodiy nizolar aynan shu sud tomonidan ko‘rib chiqilishini anglatadi. Bunday nizolar, avvalo, Markaz rezidentlari o‘rtasida yuzaga keladigan tijorat nizolari, shuningdek “Enterprise Uzbekistan”ning maxsus huquqiy rejimi doirasida tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan iqtisodiy munosabatlar bilan bog‘liq nizolarni qamrab oladi. Shu bilan birga, qonun loyihasi ixtisoslashgan sud tashkil etilgunga qadar amal qiladigan o‘tish davri mexanizmini ham belgilaydi. Unga ko‘ra, tijorat shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar, eng avvalo, tomonlarning qo‘llaniladigan huquq va nizolarni hal etish usuli haqidagi kelishuviga muvofiq hal etiladi. Agar tomonlar shartnomada bunday shartni nazarda tutmagan bo‘lsa, umumiy qoidaga ko‘ra, arbitraj muassasasi sifatida Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) belgilanadi.
Bunda arbitraj o‘tkaziladigan joy sifatida Toshkent shahri belgilanadi, nizo esa TIAC Arbitraj reglamenti asosida ko‘rib chiqiladi. Buning amaliy ahamiyati juda katta. Chunki bu mexanizm orqali investorlar ixtisoslashgan sud faoliyati boshlangunga qadar ham xalqaro standartlarga mos keladigan arbitraj muhokamasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar va buning uchun xorijiy arbitraj markazlariga murojaat qilishga ehtiyoj qolmaydi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida «qoida tariqasida» degan ibora qo‘llanilganiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu shuni anglatadiki, TIAC yagona majburiy nizolarni hal qilish instituti emas. Agar tomonlar o‘z shartnomasida boshqa xalqaro arbitraj institutini yoki nizolarni hal qilishning boshqa mexanizmini tanlagan bo‘lsa va bu qonunchilikka zid bo‘lmasa, ularning kelishuvi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Menimcha, aynan shunday yondashuv xalqaro investitsiya amaliyotining eng muhim tamoyillaridan biri hisoblangan tomonlar irodasi avtonomiyasi (party autonomy) prinsipini ta’minlaydi hamda investorlarga o‘zlari uchun eng maqbul nizolarni hal qilish mexanizmlarini tanlash imkoniyatini saqlab qoladi.
– Shu o‘rinda yana bir o‘rinli savol tug‘iladi. Agar Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi doirasida allaqachon ingliz huquqini qo‘llash va maxsus investitsiya yurisdiksiyasini yaratish nazarda tutilgan bo‘lsa, unda nega O‘zbekistonga yana Toshkent xalqaro moliyaviy markazi(TIFC) kerak? Bu ikki loyiha bir-birini takrorlamaydimi?
– Bir qarashda haqiqatan ham Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi va Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TIFC) bir xil maqsadni ko‘zlayotgandek tuyulishi mumkin. Har ikki tashabbusda ham ingliz umumiy huquqini qo‘llash, maxsus huquqiy rejimni joriy etish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilgan. Biroq ushbu loyihalarni chuqurroq tahlil qilsak, ular iqtisodiyotning turli sohalariga ixtisoslashtirilgan ikki mustaqil tashabbus ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Oddiy qilib aytganda, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi raqamli iqtisodiyot uchun mo‘ljallangan xalqaro huquqiy yurisdiksiya bo‘lsa, Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TIFC) xalqaro moliyaviy markaz sifatida shakllantirilmoqda. Aynan shu jihat ular o‘rtasidagi eng muhim farq hisoblanadi. “Enterprise Uzbekistan” eng avvalo, texnologik sektorga yo‘naltirilgan. Uning ehtimoliy ishtirokchilari qatoriga dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar, sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar, startaplar, venchur fondlari, raqamli platformalar, elektron tijorat sub’ektlari, raqamli servislar yaratuvchilari, kiberxavfsizlik mutaxassislari hamda intellektual mulk ob’ektlari egalari kiradi. Bu yerda ingliz huquqi raqamli texnologiyalar sohasidagi zamonaviy tijorat munosabatlarini tartibga solish vositasi sifatida qo‘llaniladi.
TIFC esa, aksincha, mamlakatning xalqaro moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va e’lon qilingan konseptual materiallarga ko‘ra, uning asosiy vazifasi Toshkent shahrida nafaqat O‘zbekiston ichki bozoriga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat ko‘rsatadigan xalqaro moliyaviy markazni shakllantirishdan iborat. Shunday qilib, “Enterprise Uzbekistan”ni xalqaro texnologik xab deb atash mumkin bo‘lsa, TIFCni xalqaro moliyaviy xab sifatida baholash mumkin. Xalqaro tajriba ham aynan shu modelning samaradorligini tasdiqlaydi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida Dubai Internet City axborot texnologiyalari va innovatsiya sohasiga ixtisoslashgan bo‘lsa, Dubai International Financial Centre (DIFC) xalqaro moliyaviy xizmatlar markazi sifatida faoliyat yuritadi. Xuddi shunday yondashuv Qozog‘istonda ham qo‘llanilgan bo‘lib, Astana International Financial Centre (AIFC) mamlakatning xalqaro moliyaviy tizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Menimcha, “Enterprise Uzbekistan” va TIFCni raqobatchi emas, balki yagona investitsiya ekotizimining bir-birini to‘ldiruvchi ikki asosiy bo‘g‘ini sifatida ko‘rish lozim.
Birinchisi innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va intellektual mulkni rivojlantirsa, ikkinchisi ushbu loyihalarni moliyalashtirish, kapital jalb qilish va xalqaro moliyaviy xizmatlarni ta’minlash uchun zarur huquqiy va institutsional muhitni shakllantiradi.
Boshqacha aytganda, “Enterprise Uzbekistan” innovatsiyalarni yaratadi, TIFC esa ularning o‘sishi va xalqaro miqyosda rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy resurslar va infratuzilmani ta’minlaydi.
Agar ushbu ikki tashabbus o‘zaro uyg‘un holda rivojlantirilsa, O‘zbekiston raqamli iqtisodiyot, xalqaro moliya va ingliz huquqiga asoslangan zamonaviy huquqiy infratuzilmani birlashtirgan Markaziy Osiyodagi yangi xalqaro biznes markazlaridan biriga aylanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng muhim huquqiy va investitsiya islohotlari bosqichiga kirib kelmoqda. «Enterprise Uzbekistan» hamda TIFCning tashkil etilishi investitsiyalarni jalb qilishning asosan soliq imtiyozlariga tayangan an’anaviy modelidan huquqiy tartibga solish sifati, mustaqil nizolarni hal qilish mexanizmlari va investorlar ishonchiga asoslangan zamonaviy institutsional muhitga o‘tishni anglatadi.
Eng muhim jihat shundaki, ingliz huquqi milliy qonunchilikka muqobil tizim sifatida emas, balki maxsus xalqaro yurisdiksiyalar faoliyatini ta’minlovchi qo‘shimcha huquqiy vosita sifatida qaralmoqda. Bu yondashuv jahon amaliyotiga to‘liq mos keladi. Shu bilan birga, “Enterprise Uzbekistan” va TIFCni raqobatchi loyihalar sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining yagona strategiyasini amalga oshiruvchi o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi institutlar sifatida baholash lozim.
O‘zA muxbiri Sherbek Islomov suhbatlashdi.